O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2018 yildagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5438-son Farmoniga asosan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi 2019/2020 o'quv yilidan boshlab magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlarni tayyorlamoqda.
Magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash o'qitishning amaliy xususiyatiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda amalga oshiriladi.
Akademiya magistraturasiga abiturientlarni qabul qilish teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Magistraturaga quyidagi shaxslar tanlov asosida qabul qilinadilar:
«Yurisprudentsiya» ta'lim yo'nalishi bo'yicha tayanch oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan fuqarolar;
«Yurisprudentsiya» ta'lim yo'nalishi bo'yicha tayanch oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan prokuratura organlarining xodimlari (shu jumladan, amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlari), shuningdek boshqa ta'lim yo'nalishlari bo'yicha oliy ma'lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo'lgan prokuratura organlari xodimlari.
Akademiya magistraturasining “korruptsiyaga qarshi kurashish”, “prokurorlik faoliyati” va “tergov faoliyati” yo'nalishlari bo'yicha 2019/2020 o'quv yiliga jami 30 ta, shu jumladan 18 ta davlat granti va 12 ta to'lov kontrakti asosida qabul kvotasi tasdiqlangan bo'lib, shundan:
– prokuratura organlari xodimlari uchun – 15 ta (har bir yo'nalish bo'yicha 5 tadan);
– ochiq tanlov bo'yicha – 15 ta, shu jumladan davlat granti asosida 3 ta (har bir yo'nalishda 1 tadan) va to'lov kontrakti asosida 12 ta.
“O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risida”gi Nizomga muvofiq, 2020/2021 o'quv yiliga qabul kvotasi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Ochiq tanlov bo'yicha qabul qilingan abiturientlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya to'lanadi.
Shuningdek, magistraturaga o'qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o'rtacha oylik ish haqi o'qish davri mobaynida saqlab qolinadi.
Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbat shaklida, qoida tariqasida, avgust oyida o'tkaziladi.
Yozma imtihon mutaxassislik fanlari va chet tili bo'yicha o'tkaziladi.
Yozma imtihon nomzodlarning mutaxassislik fanlari bo'yicha tahlil, huquqiy manbalar bilan mustaqil ishlash hamda huquqiy masalalar bo'yicha xulosalarni bayon etish borasida qobiliyatlarini, shuningdek chet tillarini bilishning tegishli darajasini aniqlashga qaratilgan.
Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning tegishli darajalariga ega bo'lgan nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.
Suhbat nomzodlarning:
yurisprudentsiya sohasida professional bilim darajasi va ko'nikmalarini, xususan nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarini mustahkamlash, huquqiy manbalar bilan ishlash, normativ-huquqiy hujjatlarni sharhlash va qo'llash, aniq huquqiy qaror qabul qilish uchun mavjud dalil va holatlarni yuridik jihatdan to'g'ri baholash qobiliyatini aniqlashga;
ilmiy-tadqiqot olib borish, xususan tahlil qilish, fikrlash, yurisprudentsiyaga oid muammolarni aniqlay olish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, asosiy ilmiy tushunchalar va ilmiy-tadqiqot ishlari usullarini tushunish qobiliyatini baholashga;
salohiyat darajasini, xususan muammolarni hal qilishga noan'anaviy yondashuvni qo'llashi, o'z ustida ishlashi va malakasini oshirishga bo'lgan intilishini aniqlashga qaratilgan.
Akademiya magistraturasida o'qish muddati – 1 yil.
Bosh prokuratura Akademiyasida magistratura yo'nalishlari bo'yicha ta'lim jarayoni o'qitishning samarali zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llagan tarzda amalga oshiriladi.
Ta'lim jarayoni yetakchi xorijiy ta'lim muassasalari amaliyotida o'zini oqlagan qulay va samarali usul – akademik kredit tizimi asosida olib borilmoqda.
Akademiyada ta'lim jarayonining asosini o'qitishning zamonaviy interfaol shakl va usullarini qo'llagan holda amaliyotga yo'naltirilgan, kompetentsiyaviy yondashuv tashkil etadi. Ta'lim sifatini baholash maqsadida doimiy monitoring joriy etiladi.
Akademiyada sud jarayoni imitatsiyasi, hodisa sodir bo'lgan joyni ko'zdan kechirish hamda boshqa amaliy mashg'ulotlarni o'tkazish imkonini beruvchi maxsus o'quv xonalari jihozlangan.
Tinglovchilarda tergov hamda tezkor-qidiruv faoliyatini o'tkazish bo'yicha maxsus ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida tizimli ravishda vaziyatli o'quv mashg'ulotlari tashkil etiladi.
Akademiya til o'rgatish kafedrasi tomonidan ingliz tilini yuridik maqsadlarda chuqur o'rgatish yo'lga qo'yilgan bo'lib, mashg'ulotlar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda o'tkaziladi. Shuningdek, Akademiyadagi “Discussion club” doirasida jamiyatdagi huquqiy muammolarni ona tilisi ingliz tili bo'lgan xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilish orqali tinglovchilarda yuridik ingliz tilini qo'llash ko'nikmalari mustahkamlab kelinmoqda.
Bosh prokuratura Akademiyasi dunyoning 30 ga yaqin yetakchi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini o'rnatgan bo'lib, tinglovchilar o'zaro almashinuvi dasturlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Unga ko'ra, magistratura tinglovchilari xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalarida stajirovka o'tish va tajriba almashish imkoniyatiga ega. Shuningdek, o'quv jarayoniga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda nufuzli xorijiy ta'lim muassasalari ekspertlari hamda professor-o'qituvchilari jalb qilinadi.
O'qish jarayonida ijobiy natijalarga erishgan Akademiya magistraturasi bitiruvchilari prokuratura organlariga xizmatga qabul qilishga tavsiya qilinadilar.
Akademiya magistrlari Akademiya doktoranturasida yoki mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug'ullanib, oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Qo'shmcha ma'lumotlarni (71) 202-04-96 (1775, 1795) raqami orqali bog'langan holda olishingiz mumkin.