Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish kafedrasi

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish kafedrasi

Bosh prokuratura Akademiyasi tarkibida Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish kafedrasi tashkil etilishidan asosiy maqsad ­– sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari bo'yicha ijro ishi yuritish hamda jinoiy jazolarni ijro etilishini ta'minlash sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazoratini tashkil etishda prokuror xodimlarni tizimli ravishda kasbiy qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirib borishdan iboratdir.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosida bugungi kunda jami 12 mingdan ortiq xodim faoliyat ko'rsatayotgan bo'lib, shundan 2.329 nafari davlat ijrochilari, 5.438 nafari davlat inspektorlaridir.

Akademiyaning Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish kafedrasiga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini ta'minlash, jinoiy jazolar hamda boshqa jinoiy-ta'sir choralarni ijro etishda qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat samaradorligini oshirish yuzasidan faoliyat olib boruvchi xodimlarning sohaga oid kasbiy bilim va amaliy ko'nikmalarini yanada takomillashtirish Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanib, ushbu jarayonni tashkillashtirish uchun kafedraga oltita shtat birligi ajratilgan.

Kafedraning asosiy vazifalari:

– ­­ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolarni va jinoyat-huquqiy ta'sirning boshqa choralarini ijro etish chog'ida qonunlarga rioya etish hamda qonun ustuvorligini ta'minlash yo'nalishi bo'yicha xodimlarni kasbiy qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda rahbar kadrlarni tayyorlash yuzasidan o'quv mashg'ulotlarini tashkillashtirish;

– ijro ishi yurituvida qonuniylikni ta'minlash bo'yicha davlat ijrochilarining malakasini oshirish;

energiya resurslari va suvdan foydalanishdagi talon-tarojliklarni aniqlash, bartaraf etish hamda ularning oldini olish, shuningdek qarzdorlikni kamaytirish va to'lov intizomini mustahkamlash bo'yicha Byuroning vakolatli xodimlarini malakasini oshirish;
– sud
hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi, jinoiy jazolar ijrosiga oid qonunlarga rioya etilishi ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirishga doir ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish;

– xodimlarni kasbga qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo'yicha ta'limning zamonaviy usullarini amaliyotga tatbiq qilish;

– Jinoyat-ijroiya va ijro sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan amaliy takliflar, tavsiyalar ishlab chiqish va sohada yagona huquqni qo'llash amaliyotini shakllantirishga qaratilgan qo'llanmalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Kafedrada “Majburiy ijro byurosi tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish faoliyati”, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini hamda jinoiy jazolarni ijro etishda qonunlarga rioya etilishi ustidan prokuror nazorati”, “Energiya resurslari, suv ta'minoti, suv chiqarish va maishiy chiqindilar sohasida qarzdorlik undiruvini muvofiqlashtirish faoliyati” mavzulari bo'yicha yaratilgan o'quv-metodik majmualar asosida tegishli rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va xodimlarning malakasini oshirish kurslari tashkil etib kelingan.

Kafedra tomonidan 2018 yilda 140 nafarga yaqin tinglovchilar ishtirokida malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.

2019 yilda masofaviy ta'lim orqali 418 nafar Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilari hamda 1.515 nafar davlat inspektorlari malaka oshirish mashg'ulotlariga jalb etildi.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro qilinishini ta'minlash bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish hamda tegishli tavsiyalar berilishini ta'minlash maqsadida 6 marotaba respublika miqyosida videokonferents aloqa rejimida o'quv seminarlar tashkil etilgan.

Shuningdek, kafedra tomonidan Majburiy ijro byurosiga yangi qabul qilinganlar xodimlar uchun “Prokuratura organlarining huquqiy maqomi va majburiy ijro byurosi” nomli o'quv qo'llanma, huquqni qo'llash amaliyotida ijro hujjatlarini ijrosini ta'minlashda eng ko'p uchrayotgan muammoli holat va vaziyatlardan kelib chiqib, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning qonuniyligini ta'minlash» mavzusida praktikum hamda Byuroda ijro hujjatlari bilan bog'liq ijro ishini yuritish bo'yicha yagona amaliyotni shakllantirishga qaratilgan “Majburiy ijro byurosida foydalanadigan protsessual hujjatlar namunalari” tayyorlandi.

Bundan tashqari, kafedra a'zolari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi PQ-4006-son qaror bilan tasdiqlangan “2019 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish” Konsepsiyasi ijrosi bo'yicha yangi tahrirdagi Jinoyat-ijroiya kodeksi loyihasini hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 12.03.2019 yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4236-sonli Qarori ijrosi bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Ijro ishini yuritish to'g'risidagi kodeks loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan tuzilgan ishchi guruh a'zosi sifatida ishtirok etmoqdalar.