Umumiy ma'lumot

Umumiy ma'lumot

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish bilan bir qatorda prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yilning 24 yanvarida “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi 33-son qarori qabul qilindi va unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi huzurida Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish Markazi tashkil etildi. Ushbu Markazga prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirishdan tashqari ilmiy faoliyat olib borishi ham belgilangan, shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 1994 yil 20 dekabrdagi 869-son buyrug‘iga asosan Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlarining malakasini oshirish Markazining Ilmiy kengashi tuzilgan.

O‘tgan yillar davomida respublikamizda amalga oshirilgan islohotlar ushbu markaz faoliyatini takomillashtirishni taqozo etdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yilning 7 noyabridagi PQ-727-son qaroriga ko‘ra, ushbu markaz negizida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari tashkil etildi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi ustuvor yo‘nalishlari hamda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash vazifalari prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish zaruriyatini davrning o‘zi taqozo etdi.

O‘tgan davr mobaynida huquqni qo‘llash holatini kompleks tahlil qilish, qonunbuzilishlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan prokuratura organlari xodimlarini zarur bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish borasida muayyan ta’lim va ilmiy salohiyat shakllantirildi.

Shu bilan birga, prokuratura organlari faoliyatining mutlaqo yangi yo‘nalishlari belgilanganligi, ularning amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlardagi o‘rni kuchaytirilganligi yuklatilgan vazifalarni samarali bajara oladigan munosib kadrlar tarkibini shakllantirishni talab etdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 8 maydagi PF–5438-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi etib qayta tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–257-sonli Farmoniga asosan Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi sifatida:

– jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni;

– “bakalavr”, “magistr” darajasi bergan va davlat namunasidagi diplom topshirgan holda budjet va to‘lov-kontrakt asosida kadrlarni tayyorlashni;

– prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlashni;

– prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlariga zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlashni;

– qisqa muddatli dasturlar asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirishni;

– qonunchilikka muvofiq oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni;

– milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda o‘quv, uslubiy, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy faoliyatning barcha turlarini;

– professor-o‘qituvchilar, xodimlar va tinglovchilarni davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga, shu jumladan, xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborishni;

– noshirlik faoliyatini amalga oshiradi.

Akademiyada kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlari belgilangan tartibda budjet va to‘lov-kontrakti asosida amalga oshiriladi.

Akademiyada jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimini yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–228-son qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi tashkil etilib, Virtual akademiyada o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda Akademiya:

Virtual akademiyaning uzluksiz ishlashini, o‘quv kontenti va materiallari bilan muntazam to‘ldirilishi va yangilab borilishini ta’minlaydi;

korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘quv jarayonini tashkil etadi, shu jumladan o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi, o‘quv kurslari haqidagi ma’lumotlarni Virtual akademiyada joylashtiradi;

tinglovchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi natijalari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, o‘quv kurslarini tamomlagan shaxslarning reyestrini yuritadi;

o‘quv jarayoniga davlat organlari va tashkilotlarining, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining malakali mutaxassislarini, shu jumladan xorijiy ekspertlarni jalb qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi №PQ–229 Qaroriga muvofiq,

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, Akademiyaga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan:

raqamli kriminalistika sohasida innovatsion tadqiqotlar olib borish, katta hajmdagi ma’lumotlar («Big Data»), sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalarni tahlil qilib, amaliyotga joriy etish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq qilish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika jihatidan amaliy yordam berish;

raqamli ekspertizaning zamonaviy texnologiyalari va vositalarini joriy etish;

jinoyatlarni tergov qilish doirasida raqamli ma’lumotlarni izlaydigan, to‘playdigan va tahlil qiladigan, shuningdek, kripto-aktivlar, «bulutli texnologiyalar» va boshqalardan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar va vositalarni joriy etish;

kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishda ishtirok etish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;

kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega malakali kadrlar tayyorlash;

raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazish metodikalarini ishlab chiqish va takomillashtirib borish;

raqamli texnologiyalar yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va ularni tergov qilish amaliyotidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Institutga 2024 yil 1 avgustdan quyidagi huquqlar berilgan:

raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish;

jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq qilish hamda o‘rganilgan ma’lumotlar bo‘yicha xulosalar tayyorlash;

raqamli kriminalistika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni zamonaviy raqamli kriminalistika ekspertiza turlari bo‘yicha masofaviy va an’anaviy tarzda o‘qitish;

raqamli kriminalistika faoliyatini amalga oshirish hamda maxsus kriminalistika laboratoriyalari ishini samarali tashkil etish uchun shartnoma asosida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;

ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari doirasida hamda texnik vosita va butlovchi ehtiyot qism sifatida foydalanish uchun Ichki ishlar vazirligida yuritiladigan raqamli axborot tashuvchi qurilmalar (mobil telefon, smartfon, planshet, kompyuter texnikasi, videoregistrator, qattiq disk, flesh xotira va tashqi jamlagichlar) kolleksiyasidan foydalanish;

ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun zarur bo‘lgan statistik va boshqa axborotni vazirliklar va idoralardan bepul asosda so‘rab olish.