Prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari
Akademiyada prokuror-tergov ishi va prokuratura organlarida ish yuritishni tashkil qilish asoslarini o‘qitishga yo‘naltirilgan, davomiyligi 576 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash kurslariga ilk marotaba asos solingan.
Oliy ta’lim hamda amaliy faoliyat orasida mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida ta’lim jarayoni amaliyotga yo‘naltirilgan kompetensiyaviy yondashuv asosida tashkil etilgan.
O‘quv mashg‘ulotlari ilg‘or pedagogik va axborot-komunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan tarzda o‘tkaziladi. Tinglovchilarda tergov va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha amaliy va maxsus ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari maxsus jihozlangan o‘quv xonalarida o‘tkaziladi.
O‘qish jarayonida kurs tinglovchilari tahliliy fikrlash qobiliyati, chet tillarida so‘zlash va shu kabi samarali faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan boshqa ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Har bir o‘quv kursi bo‘yicha auditoriya mashg‘ulotlari poytaxt tumanlari prokuraturalarida amaliyot o‘tash bilan birga tashkil etib borilib, bu tinglovchilarda tergovga qadar tekshirish va tergov harakatlarini o‘tkazish, ish yuritish, murojaatlar bilan ishlash va tergov-prokurorlik faoliyatiga oid boshqa ko‘nikmalarning shakllanishiga xizmat qiladi.
Birlamchi ixtisoslashuv shaklidagi qayta tayyorlash kurslari zarur axloqiy, psixologik fazilatlar va har tomonlama bilim va yuqori malakaga ega bo‘lgan munosib nomzodlarni tanlab olish imkonini beradigan, prokuraturaga xizmatga qabul qilishning mutlaqo yangi modeliga asos solib berdi.
O‘quv mashg‘ulotlari yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan sinov imtihonlariga asosan bitiruvchilarga kasbiy qayta tayyorlash haqida diplom beriladi.
Joylardagi prokurorlar orasida o‘tkazilgan anonim so‘rovlar qayta tayyorlashning tamomila yangi modeli bo‘lgan mazkur kurslarni tamomlagan yosh mutaxassislarda tergov harakatlarini o‘tkazish, sektorlarda ishni tashkil etish, murojaatlar bilan ishlash va boshqa ko‘nikmalarning shakllanganligini ko‘rsatdi.
Akademiya tashkil etilgan davrdan boshlab prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslarini 71 nafar tinglovchi bitirdi.
Prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari
Akademiyada prokuror-tergov va tahliliy ishlarni yuritish, huquq ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish yuzasidan kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga, shuningdek, ishni tashkil etishning innovatsion shakllari va metodlarini hamda boshqaruv asoslarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan, davomiyligi 576 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari amalga oshiriladi.
Kurs dasturi zamonaviy boshqaruv va menedjmentning innovatsion shakllari va metodlarini o‘zlashtirish, rahbar kadrlarning bilim va liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga, tinglovchilarning yetakchilik fazilatlarini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
Qayta tayyorlash kursi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o‘qitishning innovatsion yondashuv va texnologiyalarini qo‘llagan holda tashkil etiladi. Mazkur kursda o‘qitish blok-modul tizimi asosida tashkil etilib, har bir o‘quv bloki bo‘yicha auditoriya mashg‘ulotlari kasbiy ko‘nikma va malakalarni takomillashtirish, prokuror-tergov ishining ilg‘or yutuqlarini o‘rgatish, shuningdek, prokuratura organlari xodimlari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan amaliyotni o‘tash bilan birga tashkil etib boriladi.
Amaliyotni o‘tash jarayonida tinglovchilar o‘z kasbiy faoliyatidan kelib chiqib tanlagan dolzarb mavzular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirib boradilar. Ilmiy ishlar natijalari bitiruv imtihonlari jarayonida taqdimot qilinadi.
Bitiruvchilarga kasbiy qayta tayyorlash haqida diplom topshiriladi.
Akademiya tashkil etilgan davrdan boshlab 71 nafar prokuratura organlari xodimlari rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslarida tahsil oldi.