Akademiyada prokuratura organlari xodimlari davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi. O‘quv mashg‘ulotlari qonunchilikdagi yangiliklar mazmun-mohiyatini yetkazish, kasbiy ko‘nikma va malakalarni takomillashtirish, prokuror-tergov ishining ilg‘or yutuqlarini o‘rgatish, shuningdek, prokuratura organlari xodimlari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan.
Prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi.
Malaka oshirish kurslari prokuratura organlari xodimlari ish joyidan to‘liq yoki qisman ajralgan holda kunduzgi shaklda, shuningdek, ish joyidan ajralmagan holda masofaviy (elektron on-line yoki off-line) ta’lim shakllarda ham tashkil etiladi.
Akademiyaning yana bir nou-xausi malaka oshirish dasturlari ta’limning elektron va an’anaviy bosqichlarini o‘zaro bog‘liqlikda qo‘llash tizimini nazarda tutuvchi aralash model (blended learning) shakliga o‘tkazilganligidir.
Akademiyada huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari ham malakasini oshiradi.
Yaratilgan moddiy-texnik baza hamda raqamli yechimlar majmuasining joriy etilishi Akademiyada o‘quv jarayonini tashkil etishga bo‘lgan yondashuvlarni mutlaqo o‘zgartirib, uning miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini tubdan yaxshilash imkonini berdi.
Xususan, Akademiya tashkil etilganidan buyon prokuratura, Departament va Majburiy ijro byurosi organlarining 11 072 nafar (2018 y.–905, 2019 y.–3055, 2020 y.–2607, 2021 y. – 4314), shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarning 6 107 nafar (2018 y.–2525, 2019 y.–1658, 2020 y.–1210, 2021 y.–714) xodimlari, jami 17 179 nafar xodimlar tahsil oldi.
Joylardagi xodimlarning ehtiyoji va so‘rovlari asosida malaka oshirish imkoniyatini ta’minlash uchun Akademiyada qayta aloqa mexanizmlari asosida o‘quv kurslarini o‘zlashtirishning elektiv (tanlov) modeli qo‘llab kelinmoqda.
Mazkur mutlaqo yangi yondashuv malaka oshirish faoliyatini individual ta’lim trayektoriyasi shaklida uzluksiz ta’minlash imkonini yaratdi.
Malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat beriladi.