Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi

Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi

Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining tarkibiy tarmog'i hisoblanadi.

Markaz o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining “Prokuratura to'g'risida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari, O'zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari va muassasalarida xizmatni o'tash to'g'risidagi Nizom, Bosh prokuraturaning hay'ati qarorlari, Bosh prokuror va Akademiya boshlig'i buyruqlari, mazkur Nizom talablari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining qarorlari asosida amalga oshiradi. Markaz O'zbekiston Prezidentining 2018 y. 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5438-son va 2018 y. 31 oktyabrdagi “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5566-son Farmonlari asosida tashkil etilgan.

Markazning asosiy vazifalari:

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o'rganish hamda tahlil qilish, ularning oldini olish, shu jumladan, korruptsion huquqbuzarliklar va alohida turdagi jinoyatlarning oldini olish holatini o'rganish;

korrupsiya sohasidagi jinoyatchilik ahvoli o'zgarishlarini kriminologik prognoz qilish, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini uslubiy va konsultativ ta'minlash;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar, shu jumladan jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo'layotgan tizimli kamchilik va muammolarni o'rganish;

korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilishini oldini olish va bartaraf etish bo'yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda ularning ijro etilishini monitoring qilib borish;

korrupsiyaga oid jinoyat turlari, ularni sodir etgan mansabdor va boshqa shaxslar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar natijasidan jabrlanganlarning shaxslar himoyasi bo'yicha ilmiy-amaliy izlanishlar olib borish;

huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa tegishli organlar xodimlari uchun korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga oid o'quv mashg'ulotlari, seminar, davra suhbati, trening va boshqa tadbirlarni tashkil etish;

aholi bilan qayta aloqa mexanizmini yo'lga qo'yish maqsadida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurash va ularning profilaktikasini tashkil etish borasidagi faoliyat yuzasidan aholining fikr va mulohazalarini o'rganib borishni tashkil qilish;

korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyaning ishchi organi faoliyatida faol ishtirok etish va unga zarur bo'lgan ilmiy va metodologik ko'mak ko'rsatish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan, korrupsiyaga sabab bo'ladigan omillarni aniqlash maqsadida Akademiya tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan, Bosh prokuratura yoki boshqa organlardan kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o'tkazish;

qonunchilikni targ'ib qilish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, idoraviy va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

xodimlar malakasini oshirish yuzasidan tadbirlar o'tkazish, ijobiy ish tajribalarini o'rganish va ommalashtirish.