Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi

Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi

Jinoiy-huquqiy statistika tizimini takomillashtirish, jinoyatlar hisobini yuritishning shaffofligini ta'minlash, shuningdek, ularning sodir etilishi sabablarini maqsadli tahlil qilish yo'li bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 oktyabrdagi “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida” PF–5566-son Farmoni asosida Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi (keyingi o'rinlarda – Markaz) tashkil etildi. 

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

jinoyatlar sodir etilishining sabab va shartoitlarini o'rganish va diagnostika qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi holatini o'rganish, jumladan alohida jinoyat turlarining oldini olish;

jinoyatchilik ahvolidagi o'zgarishlarni kriminologik prognozlashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini metodologik va tavsiyaviy jihatdan ta'minlash;

huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo'yicha asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularning ijrosini monitoring qilib borish;

jinoyat turlari, jinoyatchi hamda jabrlanuvchi shaxsi bo'yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish.

 JOYLARDAGI EKSPERT-TAHLIL GURUHLARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 oktyabrdagi PF–5566-sonli Farmoniga ko'ra Bosh prokuraturaga, Shayhontohur tumanida o'tkazilgan eksperiment natijalari asosida 2019 yil fevral oyidan Toshkent shahrining qolgan tumanlarida, 2019 yil 1 iyuldan butun respublika miqyosida ekspert-tahlil guruhlari faoliyatini tashkil etish topshirildi.

Mazkur topshiriqni bajarish uchun Markaz tomonidan ekspert-tahlil guruhlarini tashkil etilishi, ularning tarkibi, huquq va majburiyatlari hamda vazifalarini nazarda tutuvchi quyidagilar ishlab chiqildi:

– prokuratura organlarining huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablarini tizimli tahlil va tadqiq qilish bo'yicha faoliyatni amalga oshirish tartibi;

– statistik, ijtimoiy va boshqa ma'lumotlar tahliliy bazasini shakllantirish mexanizmlari;

– ekspert-tahlil guruhlar faoliyati monitoringini amalga oshirish shuningdek, Markaz tomonidan berilgan tavsiyalar ijrosini nazorat qilish tartibi.

Bugungi kunda Markaz tomonidan butun respublika bo'yicha ekspert-tahlil guruhlari tashkil etilishi va faoliyat yuritishi ta'minlab kelinmoqda.