O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2018 yildagi “Prokuratura organlari
kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan
takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5438-son Farmoniga asosan O'zbekiston
Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi 2019/2020 o'quv yilidan boshlab magistratura
mutaxassisliklari bo'yicha kadrlarni tayyorlamoqda.
Magistratura mutaxassisliklari bo'yicha
kadrlar tayyorlash o'qitishning amaliy xususiyatiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining
kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda amalga oshiriladi.
Akademiya
magistraturasiga abiturientlarni qabul qilish teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona
qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Magistraturaga quyidagi shaxslar tanlov asosida qabul
qilinadilar:
«Yurisprudentsiya» ta'lim yo'nalishi bo'yicha tayanch oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan
fuqarolar;
«Yurisprudentsiya» ta'lim yo'nalishi bo'yicha tayanch oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan
prokuratura organlarining xodimlari (shu jumladan, amaldagi kadrlar zaxirasidagi
xodimlari), shuningdek boshqa ta'lim yo'nalishlari bo'yicha oliy ma'lumotga va bevosita
prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo'lgan prokuratura organlari
xodimlari.
Akademiya magistraturasining “korruptsiyaga qarshi kurashish”, “prokurorlik faoliyati”
va “tergov faoliyati” yo'nalishlari bo'yicha 2019/2020 o'quv yiliga jami 30 ta, shu jumladan
18 ta davlat granti va 12 ta to'lov kontrakti asosida qabul kvotasi tasdiqlangan bo'lib,
shundan:
– prokuratura organlari xodimlari uchun – 15 ta (har bir yo'nalish bo'yicha 5 tadan);
–
ochiq tanlov bo'yicha – 15 ta, shu jumladan davlat granti asosida 3 ta (har bir yo'nalishda
1 tadan) va to'lov kontrakti asosida 12 ta.
“O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risida”gi
Nizomga muvofiq, 2020/2021 o'quv yiliga qabul kvotasi O'zbekiston Respublikasi Bosh
prokuraturasi hamda iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Ochiq tanlov
bo'yicha qabul qilingan abiturientlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda
har oylik stipendiya to'lanadi.
Shuningdek, magistraturaga o'qishga qabul qilingan prokuratura
organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o'rtacha oylik ish haqi o'qish davri
mobaynida saqlab qolinadi.
Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbat shaklida, qoida
tariqasida, avgust oyida o'tkaziladi.
Yozma imtihon mutaxassislik fanlari va chet tili bo'yicha
o'tkaziladi.
Yozma imtihon nomzodlarning mutaxassislik fanlari bo'yicha tahlil, huquqiy
manbalar bilan mustaqil ishlash hamda huquqiy masalalar bo'yicha xulosalarni bayon etish
borasida qobiliyatlarini, shuningdek chet tillarini bilishning tegishli darajasini aniqlashga
qaratilgan.
Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning tegishli darajalariga ega bo'lgan
nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.
Suhbat nomzodlarning:
yurisprudentsiya sohasida professional bilim darajasi va ko'nikmalarini, xususan nazariy bilim
va amaliy ko'nikmalarini mustahkamlash, huquqiy manbalar bilan ishlash, normativ-huquqiy
hujjatlarni sharhlash va qo'llash, aniq huquqiy qaror qabul qilish uchun mavjud dalil va
holatlarni yuridik jihatdan to'g'ri baholash qobiliyatini aniqlashga;
ilmiy-tadqiqot olib borish,
xususan tahlil qilish, fikrlash, yurisprudentsiyaga oid muammolarni aniqlay olish, ilmiy-
tadqiqot faoliyatini olib borish, asosiy ilmiy tushunchalar va ilmiy-tadqiqot ishlari
usullarini tushunish qobiliyatini baholashga;
salohiyat darajasini, xususan muammolarni hal
qilishga noan'anaviy yondashuvni qo'llashi, o'z ustida ishlashi va malakasini oshirishga bo'lgan
intilishini aniqlashga qaratilgan.
Akademiya magistraturasida o'qish muddati – 1 yil.
Bosh
prokuratura Akademiyasida magistratura yo'nalishlari bo'yicha ta'lim jarayoni o'qitishning
samarali zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llagan tarzda
amalga oshiriladi.
Ta'lim jarayoni yetakchi xorijiy ta'lim muassasalari amaliyotida o'zini oqlagan qulay va samarali usul – akademik kredit tizimi asosida olib borilmoqda.
Akademiyada ta'lim jarayonining asosini o'qitishning zamonaviy interfaol shakl va usullarini qo'llagan holda amaliyotga yo'naltirilgan, kompetentsiyaviy yondashuv tashkil etadi. Ta'lim sifatini
baholash maqsadida doimiy monitoring joriy etiladi.
Akademiyada sud jarayoni imitatsiyasi, hodisa sodir bo'lgan joyni ko'zdan kechirish hamda boshqa amaliy mashg'ulotlarni o'tkazish imkonini beruvchi maxsus o'quv xonalari jihozlangan.
Tinglovchilarda tergov hamda tezkor-qidiruv faoliyatini o'tkazish bo'yicha maxsus ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida tizimli ravishda vaziyatli o'quv mashg'ulotlari tashkil etiladi.
Akademiya til o'rgatish kafedrasi tomonidan ingliz tilini yuridik maqsadlarda chuqur o'rgatish yo'lga qo'yilgan bo'lib, mashg'ulotlar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda o'tkaziladi. Shuningdek, Akademiyadagi “Discussion club” doirasida jamiyatdagi huquqiy muammolarni ona tilisi ingliz tili bo'lgan xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilish orqali tinglovchilarda yuridik ingliz tilini qo'llash ko'nikmalari mustahkamlab kelinmoqda.
Bosh prokuratura Akademiyasi dunyoning 30 ga yaqin yetakchi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini o'rnatgan bo'lib, tinglovchilar o'zaro almashinuvi dasturlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Unga ko'ra, magistratura tinglovchilari xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalarida stajirovka o'tish va tajriba almashish imkoniyatiga ega. Shuningdek, o'quv jarayoniga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda nufuzli xorijiy ta'lim muassasalari ekspertlari hamda professor-o'qituvchilari jalb qilinadi.
O'qish jarayonida ijobiy natijalarga erishgan Akademiya magistraturasi bitiruvchilari prokuratura organlariga xizmatga qabul qilishga tavsiya qilinadilar.
Akademiya magistrlari Akademiya doktoranturasida yoki mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug'ullanib, oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Qo'shmcha ma'lumotlarni (71) 202-04-96 (1716, 1795) raqami orqali bog'langan holda olishingiz mumkin.