Qabul

Qabul

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga qabul qilish uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) maxsus elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan holda, tegishli hujjatlarni Akademiyaning maxsus elektron platformasi orqali taqdim etishadi.

 

Magistraturaga o‘qishga qabul qilish uchun nomzodlardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta) nusxasi;

oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom (ilovasi bilan) yoki diplomdan ko‘chirma (O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun);

tashqi nomzodlar uchun — chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatlarning elektron nusxasi (ichki nomzodlar uchun mavjud bo‘lganda);

vakolatli davlat organlari xodimlari uchun — nomzodning bevosita rahbari tomonidan imzolangan tavsiyanoma va ma’lumotnoma-obyektivka.

 

I. «Tergov faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirish uchun hujjatlar har yili — 10-maydan 10-iyunga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Ushbu mutaxassislikka quyidagi shaxslar tanlov asosida qabul qilinadilar:

– Akademiyaning «Tergov faoliyati» bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tamomlagan bitiruvchilari;

– Vakolatli davlat organlarining surishtiruv va tergov faoliyatini amalga oshiruvchi tuzilmalarida hamda prokuratura organlarida kamida 3 yil xizmatni o‘tagan, «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega amaldagi xodimlari (harbiy xizmatchilari).

Magistraturaning «Tergov faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha ta’limning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlari, shuningdek, boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha magistraturaning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davri mobaynida saqlab qolinadi.

Ushbu mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga qabul qilish uch bosqichda, ya’ni test shaklida o‘tkaziladigan maxsus psixologik tanlov, yozma imtihon va chet tilidan test sinovi orqali amalga oshiriladi.

Imtihon savollari va vazifalarini tuzishda quyidagi talablarga alohida e’tibor qaratiladi:

a) psixologik tanlov bo‘yicha:

psixologik tanlov nomzodlarning quyidagi individual-psixologik xususiyatlarini aniqlashga yo‘naltiriladi:

aql-zakovati, umumiy intellektual salohiyati;

mantiqiy fikrlashi, ziyrakligi, fikrlash tezligi va tahlil qilish qobiliyatlari;

b) mutaxassislik fanlari bo‘yicha:

nomzodlarda tahliliy fikrlash darajasini, huquqiy manbalar bilan mustaqil ishlash, shuningdek huquqiy masalalar bo‘yicha xulosalarni bayon etish qobiliyatini aniqlashga qaratilishi;

tegishli fan o‘quv dasturiga, shuningdek tegishli sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi;

mamlakatda o‘tkazilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalarini aks ettirishi;

lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etilishi;

foydalanilgan tushuncha va atamalarni turlicha izohlash imkoniyatini istisno etishi, shuningdek ularning qonun hujjatlarida va fanda qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda qo‘llanilishi;

umumqabul qilingan grammatik, orfografik, punktuatsiya qoidalariga muvofiq rasmiy til uslublari va yuridik terminologiyadan foydalangan holda tuzilishi;

с) chet tillari bo‘yicha:

nomzodlarning matn va atamalarni tushunish hamda ulardan foydalana olish darajasini aniqlashga qaratilishi;

qisqa, aniq va tushunarli til bilan ifodalanishi hamda B2 darajasiga muvofiqligi;

umumqabul qilingan grammatik, orfografik va punktuatsiya qoidalariga muvofiqligi.

Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.

 

II. «Kiberxavfsizlikni huquqiy taminlash» mutaxassisligi boyicha oqishga kirish uchun hujjatlar har yili10-iyundan 31-iyulga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Ushbu mutaxassislikka quyidagi shaxslar tanlov asosida qabul qilinadilar:

– «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar (tashqi nomzodlar);

– «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega prokuratura organlarining xodimlari (shu jumladan, amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlari), shuningdek, boshqa mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari (ichki nomzodlar);

– vakolatli davlat organlarining «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlari.

«Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» mutaxassisligi bo‘yicha tanlov tashqi nomzodlar uchun abituriyentning bakalavriat diplom balli o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat balli asosida ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda Agentlik tomonidan «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Bunda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan nufuzli xalqaro IT-sertifikatiga ega nomzodlar «Informatika va axborot texnologiyalari» fani test sinovlaridan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.

«Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» uchun vakolatli davlat organlari xodimlari xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat balli, agar ular bunday sertifikatga ega bo‘lmagan taqdirda, chet tilidan Agentlik tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari natijasida to‘plagan balli, shuningdek, Agentlik tomonidan o‘tkaziladigan «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan test sinovlari natijasida to‘plagan balli hamda bakalavriat diplom balli o‘rtacha ko‘rsatkichi asosida ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda o‘qishga qabul qilinadi.

Magistraturaning «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» mutaxassisligi bo‘yicha ta’limning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan tinglovchilarning oxirgi egallab turgan lavozimi bo‘yicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq to‘lash fondi to‘lovlari (pul ta’minoti) saqlanadi.

«Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan o‘quv dasturi

“Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistraturasiga imtiyoz beruvchi xalqaro IT-sertifikatlar

 

III. «Korrupsiyaga qarshi kurashish», «Inson huquqlariga oid xalqaro huquq», «Prokurorlik faoliyati» (kunduzgi, kechki va masofaviy) mutaxassisliklari boyicha oqishga kirish uchun hujjatlar har yili10-iyundan 31-iyulga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Ushbu mutaxassisliklarga quyidagi shaxslar tanlov asosida qabul qilinadilar:

– «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar (tashqi nomzodlar);

– «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega prokuratura organlarining xodimlari (shu jumladan, amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlari), shuningdek boshqa mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari (ichki nomzodlar).

– vakolatli davlat organlarining «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlari.

Tanlovda tashqi nomzodlar uchun abituriyentning bakalavriat diplom balli o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat balli asosida ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.

Shuningdek, mazkur mutaxassisliklar uchun vakolatli davlat organlari xodimlari xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat balli, agar ular bunday sertifikatga ega bo‘lmagan taqdirda, chet tilidan Agentlik tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari natijasida to‘plagan balli hamda bakalavriat diplom balli o‘rtacha ko‘rsatkichi asosida ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda o‘qishga qabul qilinadi.

Magistraturaga tanlov har yili faqat bir marta o‘tkaziladi. Tanlovlar, qoida tariqasida, avgust oyida magistraturada o‘qitiladigan tilda o‘tkaziladi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 6 apreldagi "O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitish tartibini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 143-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida NIZOM.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining 2026/2027 o‘quv yili uchun magistraturaning “70420301 - Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha yozma imtihon savollari

JK bo‘yicha savollar

JPK bo‘yicha savollar

Baholash mezonlari