Jinoyatchilarning noqonuniy boyib ketishining oldini olish hamda jinoyat sodir etish natijasida zararni qoplashni ta’minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xatlangan mol-mulklarni saqlash va ularning qiymatini oshirish dolzarb hisoblanadi.
Mazkur mablag‘lar jinoyat sodir etilishi oqibatida zarar ko‘rgan jabrlanuvchilarning kompensatsiyasiga yo‘naltirilishi hamda davlatning muhim ijtimoiy talablarini qondirish uchun ishlatilishi mumkin.
Shu bilan birga, mamlakatimizda jinoiy aktivlarni boshqarish va ularni tasarruf qilish tizimini takomillashtirish bugungi kunda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqsadda Bosh prokuratura Akademiyasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB) bilan hamkorlikda jinoiy aktivlarni boshqarish va ularni tasarruf qilish loyihasi doirasida ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Loyiha O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarga erishish uchun BMTning Moliyalashtirishning integratsiyalashgan milliy mexanizmini (INFF) yaratish bo‘yicha qo‘shma dasturini imlementatsiya qilish doirasida amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada belgilangan vazifalar O‘zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasi, shuningdek Korrupsiyaga qarshi konvensiya talablari va FATF tavsiyalariga asoslanadi.
Tadbirda BMT GJB vakillari, xorijiy ekspertlar hamda Bosh prokuratura, IIV, DXX, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Loyihalarni boshqarish milliy agentligi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda loyihaning birinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha Buyuk Britaniyalik ekspert Pol Milvaganam tomonidan milliy ekspertlar bilan hamkorlikda tayyorlangan jinoiy aktivlarni boshqarish va ularni tasarruf qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda amaliyotini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobotning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari jinoiy aktivlarni boshqarish bo‘yicha xorijiy ekspert Aydan Larkin va BMT GJB shtab kvartirasi vakili Felipe Falkoni hisobot yuzasidan o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirishib, ushbu sohada bugungi kunda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari, ilg‘or tajriba va amaliyot bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar jinoiy aktivlarni boshqarish milliy tizimini takomillashtirish bo‘yicha hisobga olinishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha jihatlarni ta’kidlab o‘tishdi.