2021-yil 17-noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amaliy tadqiqotlarning sifati va natijadorligini oshirish: fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasi, mahalliy akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Bosh prokuratura Akademiyasining xodimlari, ilmiy izlanuvchilari hamda magistratura tinglovchilari ishtirok etishdi.
Davra suhbati aralash formatda tashkil etilib, hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), ilmiy va ta’lim muassasalari vakillarining tadbirda videokonferensaloqa orqali onlayn ishtirok etishiga imkoniyat yaratildi.
Tadbirda NNTlar tomonidan akademik doiralar vakillari, soha ekspertlari bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning dastlabki natijalari muhokama qilinib, shu bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kelgusida rivojlantirish masalalari, tadqiqotlar o‘tkazish uchun dolzarb bo‘lgan mavzular muhokama qilib olindi.
Faol muhokamalar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari va akademik hamjamiyat o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish, turli sohalarda mavjud holatni tahlil qilish, sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, tadqiqotchi mutaxassislar tayyorlash tizimini kelgusida rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan ekspertlar tomonidan NNTlar va akademik hamjamiyatning bunday hamkorligi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amaliy tadqiqotlarni o‘tkazishda zamonaviy metodika, ilmiy tamoyil va yondashuvlarni qo‘llash, tadqiqot doirasida ilmiy asoslangan xulosalar hamda samarali taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishini ta’minlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tildi.