O‘zbekiston Respublikasi raisligida ARIN-WCA tarmog‘ining Yillik umumiy  yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi raisligida ARIN-WCA tarmog‘ining Yillik umumiy  yig‘ilishi o‘tkazildi

 


Bosh prokuratura Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi raisligida G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha norasmiy idoralararo tarmog‘iga (ARIN-WCA) a’zo davlatlarning Yillik umumiyyig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir aralash (onlayn va an’anaviy) shaklda o‘tkazilib, unda 15 ga yaqin davlatdan 30 dan ortiq vakil ishtirok etdi.
Xususan, yig‘ilishda ishtirok etish uchun Gruziya, Ozarbayjon, Mongoliya, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ukraina davlatlarining prokuratura, ichki ishlar, moliyaviy razvedka, korrupsiyaga qarshi kurashish va tergov idoralarining mas’ul xodimlari hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Yig‘ilishda ARIN-WCA tarmog‘iga a’zo davlatlarning jinoiy aktivlarni qaytarish sohasida amalga oshirgan ishlari, ijobiy tajribasi va amaliyoti bo‘yicha taqdimotlari, tarmoqni samarali boshqarish va uning doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalari, kelgusidagi loyihalar hamda istiqbolli rejalarning muhokamasi bo‘lib o‘tdi. 
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad 2021-yilda mazkur tarmoq doirasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, shuningdek jinoiy aktivlarni qaytarish borasida idoralararo xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat.
Ma’lumot uchun: G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha norasmiy idoralararo tarmog‘i (ARIN-WCA) 2018-yilda tashkil topgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi jinoiy aktivlarni qaytarishda hamkorlikni kuchaytirish va ushbu sohada hatti-harakatlar samaradorligini oshirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ARIN-WCA tarmog‘ining doimiy faoliyat olib boruvchi Kotibiyati hisoblanib, uning funksiyalarini Bosh prokuratura Akademiyasi amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda ARIN-WCAga Afg‘oniston, Gruziya, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Eron, jami 11 ta davlat a’zo va kuzatuvchi sifatida qo‘shilgan. Jumladan, UNODC hamda CARIN, ARIN-AP va ARINSA tarmoqlari ARIN-WCAda kuzatuvchi hisoblanadi.