Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan 2021-yil 6-dekabr kuni “Hyatt Regency” mehmonxonasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (BMT GJB) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda Toshkent shahri Chilonzor tumanida amalga oshirilgan “Xavfsiz hudud” qo‘shma loyihasi yakuniga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Tadbirga manfaatdor vazirlik va idoralar xodimlari, OAV vakillari va blogerlar taklif etildi.
Brifingda shuningdek BMT GJB Vena shahridagi shtab-kvartirasi xodimi, shahar xavfsizligi loyihasi koordinatori N.Grelle, BMT GJB Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili A.Mittal, BMT GJB Markaziy Osiyodagi Jinoiy odil sud bo‘yicha Mintaqaviy dasturining xalqaro koordinatori K.Markvering, shuningdek, xalqaro va milliy ekspertlar qatnashdilar.
Tadbir davomida huquqshunoslar, psixologlar, sotsiologlar va amaliyotchi msutaxassislardan iborat ekspertlar guruhi tadqiqotning asosiy natijalari, xulosalar, taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan yakuniy hisobotni taqdim etdilar.
Xususan, olib borilgan tadqiqotlar “Xavfsizlik” tushunchasining shahar muhitida tegishli turdagi infratuzilma mavjudligi orqali insonning asosiy ehtiyojlarini qondirish kontekstida tushuniladigan muqobil ko‘rinishini ifodalashi ta’kidlandi. Mutaxassislar barcha urbanistik (ijtimoiy-iqtisodiy) omillarni hisobga olgan holda jinoyatchilikni tahlil qilish va uning dinamikasini bashorat qilish orqali xavfsizlikning joriy holatini baholashning yagona metodologiyasini ishlab chiqish zarurligini qayd etdilar.
Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tadqiqotlar aholi xavfsizligiga ta’sir etuvchi asosiy omil va shart-sharoitlar, muammo va tahdidlar, xavf-xatarlar hamda ularning oldini olish choralarini aniqlash imkonini berdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Covid-19 pandemiyasi va u bilan bog‘liq cheklovlar tadqiqot jarayoniga ba’zi tuzatishlar kiritdi. Shu bilan birga, boshqa hududlardagi muammolarni o‘rganish jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi haqida fikrlar bildirildi.
Ishtirokchilar loyihani amalga oshirish jarayonida to‘plangan tajriba jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalarini milliy miqyosda chuqur o‘rganish bo‘yicha kompleks tadqiqotlar o‘tkazish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilishini yakdillik bilan ta’kidladilar.