2021-yil 16-dekabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston prokuraturasi: kecha, bugun va ertaga” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori ofisi, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (BMT GJB) Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi, «Mintaqaviy muloqot» XNNT va boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi prokuratura organlarining o‘tgan yillardagi faoliyati tahlili asosida istiqboldagi ustuvor vazifalar va ularni samarali ijro etish mexanizmlarini milliy hamda xorijiy olim va ekspertlar, soha xodimlari ishtirokida muhokama qilishdan iborat.
Konferensiyada 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT agentliklari va boshqa tuzilmalari, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi, MDH davlatlari Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashi, Yevropa prokurorlari maslahat kengashi va boshqa bir qator tashkilotlar, chet el davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari, 30 ga yaqin xorijiy davlatlarning prokuratura organlari, o‘quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy sudi, Oliy Majlisi, sud va huquq-tartibot idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan taraqqiyotimizning yangi bosqichida inson huquq va erkinliklarining, davlat manfaatlarining tom ma’nodagi himoyachisiga, qonun ustuvorligi va adolat tantanasini ta’minlashning muhim vositasiga aylanib borayotgan prokuratura tizimining uzoq yillik tarixi, bugungi qizg‘in hamda keng ko‘lamli faoliyatining o‘ziga xos rivojlanish bosqichlariga to‘xtalib o‘tdi.
Bosh prokuror tadbirda ishtirok etayotgan olimlar, ekspertlar va amaliyotchilar, parlament a’zolari, shuningdek xorijiy hamkorlarni konferensiya kun tartibidan o‘rin olgan mavzular yuzasidan faol va konstruktiv muloqot hamda fikr almashishga chorladi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi Prezidenti Chxol-Kyu Xvan, MDH davlatlarining Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashi Ijrochi kotibi V.Zimin, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Kamilov, Adliya vaziri R.Davletov, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A.Saidov so‘zga chiqishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan xalqaro tashkilotlar vakillari, xususan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori Elchi Per fon Arks, BMT GJB Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi dasturi koordinatori K.Markvering, “Mintaqaviy muloqot” XNNT direktori M.Sever, BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasining rahbari M.Mamedzade, O‘zbekistondagi BMT ta’lim, fan va madaniyat ishlari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) vakili A.Makarigakis ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan muborakbod etib, qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi faoliyatida hamkorlikni davom ettirishishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
So‘ngra “Prokuraturaning tashkiliy-huquqiy asoslari va faoliyatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi yalpi sessiyada Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yuldashev so‘zga chiqib, O‘zbekiston prokuraturasining tarixi, buguni va rivojlanish istiqbollari borasida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Yevropa prokurorlari maslahat kengashi Prezidenti, Ispaniya Bosh prokurorining o‘rinbosari A.Noguera Ispaniya prokuraturasining tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslari bo‘yicha ma’ruza qildi.
Bundan tashqari, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E.Djamalov, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari K.Toktakunov va Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori o‘rinbosari P.Gorodov o‘z ma’ruzalarida prokuratura faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirishning dolzarb masalalari borasidagi tajriba bilan o‘rtoqlashishdi.
Konferensiya davomida shuningdek “Fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari himoyasini ta’minlashda prokuratura organlarining roli” hamda “Prokuratura organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatidagi o‘rni” mavzularida parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sessiyalar doirasida BMT GJB eksperti, Uilfrid Lore universiteti kriminologiya kafedrasi dotsenti, Ontario (Kanada) Advokatlar palatasi advokati N.Kovalev, MDH davlatlarining Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashi Ijrochi kotibi V.Zimin, Ukraina Bosh prokuraturasi tarkibidagi Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuratura prokurori Ye.Panchenko, Portugaliya Davlat prokurori, Kiberjinoyatlar bo‘yicha Konvensiya Qo‘mitasi (T-CY) raisining o‘rinbosari P.Verdelo, Dyusseldorf shahar prokuraturasi Bosh boshqarmasi boshlig‘i G.Nayfer (Germaniya), Serbiya Respublikasi Davlat prokurori o‘rinbosari Ya.Stankovich, Fransiya Milliy magistratura maktabi (ENM) xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i F.Jilber, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi Xalqaro hamkorlik departamenti boshlig‘i G‘.Koygeldiyev va boshqa qator xorijiy davlatlarning prokuratura organlari, o‘quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, shuningdek milliy mutaxassislar hamda ekspertlar ma’ruza qilishdi.
Sessiyalar doirasida ko‘rib chiqilgan masalalar atrofida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya ishiga jalb qilingan olimlar, tadqiqotchi va amaliyotchi xodimlar tomonidan prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqishda ilg‘or xorijiy tajribani hamda xalqaro mutaxassislarning tavsiyalarini o‘rganib chiqish davom ettiriladi.
Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakuniga ko‘ra ilmiy maqola va tezislar to‘plami nashr etilishi rejalashtirilgan.