Bosh prokuratura Akademiyasida 2021-yilning 22-29-dekabr kunlari “Kapital qurilish sohasiga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat” mavzusida qisqa muddatli o‘quv kursi o‘tkazildi.
Kurs videokonferensaloqa imkoniyatlaridan foydalangan holda sinxron ta’lim shaklida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–43-son Qaroriga ko‘ra tashkil etilgan Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha shtablarga jalb etilayotgan vazirlik va idoralarning 500 nafar xodimi ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar davomida shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, qurilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish loyihalari bo‘yicha tanlov (tender) o‘tkazish, bajarilgan qurilish ishlarini nazorat o‘lchovdan o‘tkazish, qurilish ob’ektlarini moliyalashtirish hamda boshqa bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tinglovchilar qurilish obektlarini moliyalashtirishning muhim jihatlari, qurilishga ajratilayotgan budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirish, bu boradagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan prokuror nazoratini tashkil etish hamda bir qator boshqa masalalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Mazkur o‘quv kursi shtab a’zolarining O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi va boshqa davlat dasturlari ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha zarur ko‘nikma va bilimlarni shakllantirishga qaratilgan.
Darslar o‘qitishning interfaol texnologiyalaridan foydalangan holda olib borildi, tinglovchilar tomonidan amaliyotda uchrayotgan muhim masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, Tinglovchilarga mazkur savollar yuzasidan soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Kurs o‘quv dasturini o‘zlashtirish natijalariga ko‘ra tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.