O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi vakillari G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘i (ARIN-WCA) Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishlari doirasida joriy yilning 9 mart kuni ARINSA – aktivlarni qaytarish bo‘yicha Janubiy Afrika davlatlari idoralararo tarmog‘ining Umumiy yillik yig‘ilishida ishtirok etishdi.
Mazkur yig‘ilishda ARINSA tarmog‘iga a’zo davlatlar (17 ta janubiy va sharqiy Afrika davlatlari), shuningdek onlayn tarzda aktivlarni qaytarish bo‘yicha boshqa tarmoqlar vakillari (CARIN, ARIN-CARIB, ARIN-AP, ARIN-EA, ARIN-WA, ARIN-WCA, RRAG) hamda Buyuk Britaniya, Germaniya, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi,
GIZ fondi ekspertlari qatnashishdi.
Tadbir ishtirokchilari jinoiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmoqlarning bugungi kundagi ahamiyatini e’tirof etishib, ushbu tarmoqlarning samaradorligini oshirish, davlatlarning ushbu sohadagi aloqalari, Covid-19 pandemiyasining mazkur tarmoqlarni moliyalashtirish va ularga texnik ko‘mak ko‘rsatishga bo‘lgan ta’siri, davlatlarning ARIN tarmoqlarining barqaror rivojlanishi uchun kelgusidagi choralar bo‘yicha takliflari, shuningdek davlatlarning aktivlarni qaytarish bilan bog‘liq qonunchiliklaridagi yangiliklarni muhokama qilishdi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar kelajakda muhokama qilinadigan muhim masalalarni belgilab olishib, ARIN doirasida faol hamkorlik qilish va aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.