2022 yil 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil topganining 4 yilligiga bag‘ishlab “Yuridik kasbiy ta’limdagi innovatsiyalar: mavjud muammo va yangi imkoniyatlar” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman gibrid shaklda tashkil etilib, unda dunyoning 20 dan ortiq davlatlaridan 30 dan ziyod xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalarning rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek milliy ekspertlar ishtirok etdi.
Konferensiya yalpi sessiyasi ishini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari S.Artikova hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik A.Saidov kirish so‘zi bilan ochib berib, Bosh prokuratura Akademiyasining huquq sohasida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish borasida erishayotgan natijalari va amalga oshirib kelayotgan mustahkam hamkorlik aloqalarini qayd etib o‘tishdi.
Ta’kidlandiki, o‘gan 4 yil davomida Akademiya tomonidan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida 16 mingdan ziyod tinglovchilarga an’anaviy va masofaviy shakllarda ta’lim berildi.
Shuningdek, milliy ta’lim tizimida mavjud bo‘lmagan “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishlarining ochilishi ushbu dolzarb sohalarda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mavjud bo‘shliqni to‘ldirib, bu boradagi ilmiy salohiyatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari, xususan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatori v.b. Xans-Ulrix Im, Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik fondining Berlin bo‘limi rahbari (IRZ) Angela Shmaynk, “Mintaqaviy muloqot” XNNT (Sloveniya) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Petra Goryup yuridik kasbiy ta’limni tashkil etishdagi yangi yondashuvlar, Akademiya bilan bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusidagi istiqbollar borasida fikr yuritdilar.
Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish Akademiyasi direktori (MACA) Idris bin Zaxarudin, Koreya Yongin shahri Adliya instituti filiali prezidenti Sherl Oan Park, Fransiya Milliy magistratura maktabi direktori o‘rinbosari Samyuel Leyne, Germaniya Odil sudlov Akademiyasi rektori Stefan Yaggi, Xitoy Milliy prokuratura maktabi professori Go Sinyan, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professori Taxir Bazarov yuridik soha xodimlari, xususan prokuror-tergov va sud sohasi xodimlari uchun qo‘shimcha kasbiy ta’limni tashkil etish va zamonaviy tahdid va talablarga mos tarzda samarali amalga oshirish, sohada joriy etilayotgan innovatsiyalar borasida o‘z tajribalaridan kelib chiqib fikr almashdilar.
Kunning ikkinchi yarmida konferensiya doirasida shuningdek “Yuridik kasb uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” hamda “Yuridik amaliyot va ta’limning raqamli transformatsiyasi” mavzularida parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Faol muhokamalar davomida yetakchi xorijiy va milliy ekspertlar tomonidan yuridik kasbiy ta’lim, shu jumladan inson inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasini innovatsion rivojlantirish borasida masalalar va mavjud muammolar atroflicha ko‘rib chiqilib, yangi imkoniyatlar va ustuvor vazifalar belgilab olindi.