Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning “Yuridik kasb uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” parallel sessiyasining natijalari

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning “Yuridik kasb uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” parallel sessiyasining natijalari

Bosh prokuratura Akademiyasi tashkil etilganligining 4 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning “Yuridik kasb uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” mavzusidagi parallel sessiyasi xalqaro ekspertlar, xorijiy va milliy tashkilotlar, shu jumladan yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga mas’ul bo‘lgan hamkor muassasalar vakillari, yetakchi olimlar va ilmiy xodimlar ishtirokida o‘tkazildi.
Parallel sessiyada ishtirok etgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Kengashining maslahatchilari Ivana Ruanya, Rafael Bustos, Qozon Federal Universitetining dekan o‘rinbosari Rustem Davletgildeyev, Moldova Milliy yustitsiya institutining direktori Yekaterina Popa yuristlar, jumladan sud, prokuratura va boshqa organlar xodimlari uchun inson huquqlari bo‘yicha yuridik ta’limning o‘ziga xos jihatlari, ushbu yo‘nalishda Italiya, Ispaniya, Moldova, Rossiya Federatsiyasida amalga oshirayotgan ishlar haqida batafsil axborot berdilar.
O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori M.Tillabayev inson huquqlarini o‘qitishning dolzarb masalalari xususida to‘xtalib, hozirda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish jarayoni va bu bosqichda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qayd etib o‘tdi.  
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi professori, yuridik fanlar doktori S.Raxmanova o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda sudyalar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’limda xalqaro standartlarning o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtalib, ushbu yo‘nalishda sudyalar uchun amalga oshirilayotgan o‘quv dasturi va mashg‘ulotlari, tadqiqot ishlarini gapirib o‘tdi. 
Bosh prokuratura Akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori G.Malikovaning ma’ruzasida O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklari sohasida yuridik ta’limning shakllanish va rivojlanish tarixi chuqur tahlil qilib berildi.
Ma’ruzalar bo‘yicha o‘tkazilgan muhokama qizg‘in bahs-munoazaralar shaklida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik A.Saidov muhokamada yuridik ta’lim sohasidagi fanlar bo‘yicha bazaviy darsliklarni hamda elektron ma’ruza matnlarini tayyorlash ishlariga mamlakatning eng yetuk mutaxassislarini jalb qilish, yuridik kadrlarni tayyorlovchi o‘quv muassasalarining bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari xususiyatlari inobatga olingan holda darsliklar, qo‘llanmalar va boshqa o‘quv manbalari tayyorlanishi lozimligi haqida to‘xtalib, O‘zbekistonda yuridik ta’limning holati, muammo va istiqbollarini muntazam o‘rganib borilishi zarurligini ta’kidladi.
Muhokamada ishtirok etgan yuridik fanlar doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist O.Oqyulov, Davlat va huquq instituti vakillari M.Turg‘unov, A.To‘laganov, Sudyalar oliy maktabi kafedra boshlig‘i S.Xolbayev, Toshkent davlat yuridik universiteti professori G.Yuldasheva va boshqalar kun tartibidagi masala bo‘yicha kiritgan qator takliflar amaliyotga joriy etish uchun umumlashtirildi.