Bosh prokuratura Akademiyasi vakili G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmog‘i (ARIN-WCA) Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishi doirasida Yevropaning CARIN tarmog‘i tomonidan Gaaga shahrida (Niderlandiya) tashkillashtirilgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning (ARIN) kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillarining uchrashuvida ishtirok etdi.
Yevropolning shtab-kvartirasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda Yevropa (CARIN), Osiyo va Tinch okeani (ARIN-AP), Karib havzasi (ARIN-CARIB), Sharqiy Afrika (ARIN-EA), G‘arbiy Afrika (ARIN-WA), Janubiy Afrika (ARINSA), Lotin Amerikasi (RRAG), G‘arbiy va Markaziy Osiyo (ARIN-WCA) mintaqalarida hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan tarmoqlarning kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillari, Yevropol, Yevrokomissiya, FATF, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, GIZ fondi hamda AQSH Adliya departamenti ekspertlari qatnashishdi.
Tadbir ishtirokchilari uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy tarkibi sifatida aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning o‘rni va ahamiyatini e’tirof etishib, ushbu tarmoqlarning samaradorligini yanada oshirish, davlatlarning aktivlarni qaytarish sohasidagi aloqalarining muhimliligi, samarali hamkorlikni amalga oshirish va mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etish maqsadida ishtirok etuvchi davlatlar doirasini kengaytirish, asosiy vazifa va yo‘nalishlarni belgilash, professional aloqalarni o‘rnatish va ularni yanada chuqurlashtirish, mazkur sohadagi yangi bilim va tajribalar bilan almashish kabi masalalarni muhokama qilishdi.
Uchrashuv doirasida ARIN-WCA nomidan, tarmoqda joriy yilda raislik qiluvchi davlat – Pokiston (Milliy hisob byurosi) hamda tarmoqning doimiy Kotibiyati Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari tomonidan ARIN-WCAning faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va istiqbolli rejalar yuzasidan prezentatsiya qilindi.
Tadbir ishtirokchilarida ayniqsa ARIN-WCA tomonidan tarmoqqa a’zo davlatlarning aktivlarni qaytarish bo‘yicha qonunchiligi va amaliyotini o‘zaro o‘rganish bo‘yicha olib borayotgan tashabbusi (Peer Review) katta qiziqish uyg‘otdi. ARIN tarmoqlari vakillari ARIN-WCAning ushbu ijobiy tajribasini o‘rganish va o‘zlarida ham ushbu jarayonni qo‘llash kerakligini taklif qilishdi.
Uchrashuvda shuningdek RRAG (Lotin Amerikasi) va ARIN-CARIB (Karib davlatlari) tarmoqlari kotibiyatlari tomonidan ARIN-WCAning ushbu tarmoqlarga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganligi tasdiqlandi. Bu esa o‘z navbatida ARIN-WCA a’zolarining Karib havzasi va Lotin Amerikasi yurisdiksiyalari bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan kelgusida muhokama qilinadigan muhim masalalar belgilab olindi, faol hamkorlik qilish va ARIN doirasida aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklari bildirildi.