Xalqaro ilmiy konferensiyada Akademiya ishtiroki

Xalqaro ilmiy konferensiyada Akademiya ishtiroki

2020 yil 26 avgust kuni Toshkent davlat yuridik universitetining taklifiga asosan Bosh prokuratura Akademiyasi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ishida hamkor tashkilotchi sifatida ishtirok etdi.

Shuningdek, mazkur tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, M.S.Narikbaev nomidagi Qozog'iston davlat yuridik universitetining jinoyat-protsessual tadqiqotlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-tadqiqot instituti, Grodno davlat universiteti (Belarus` Respublikasi), O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar Oliy Kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi ham hamkor tashkilotchi sifatida ishtirok etdi.

Konferensiya O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar 
to'g'risida"gi hamda 2020 yil 10 avgustdagi "Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmonlarining mazmun mohiyatiga bag'ishlandi.  

Tadbir davomida ishtirokchilar tergov organlari faoliyatida shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ayblanuvchi (gumon qilinuvchi, sudlanuvchi)ni himoyaga bo'lgan huquqi bilan ta'minlash, jabrlanuvchiga huquqiy yordam ko'rsatishning o'ziga xos xususiyatlari, aybiga iqrorlik bo'yicha kelishuv institutini joriy etishning dolzarbligi, O'zbekiston Respublikasida shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish nuqtai nazaridan tergov faoliyatini takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdi.

Xalqaro ishtirokchilar sudgacha bo'lgan ish yuritishda shaxs huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, shuningdek, zamonaviy axborot jamiyatida shaxs huquqlari va erkinliklarini ta'minlashning jinoiy huquqiy kafolatlari bo'yicha to'plangan tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.

Konferensiya natijasi bo'yicha sud-tergov faoliyatida shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilishni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar berildi.

Bosh prokuratura Akademiyasining Toshkent davlat yuridik universiteti bilan Memorandumi doirasida hamkorlik davom etmoqda.