Prokuratura organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish

Prokuratura organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish

2022 yil 22 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegatsiyalarining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Prokuratura organlariga zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli va sifatli bajarishga qodir yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish sohasida o‘zaro tajriba almashinish, bu borada o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish maqsadida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

Hamkorlar innovatsion ta’lim texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya imkoniyatlarilarini joriy etgan holda ilm-fan, ta’lim va amaliyot yaxlitligiga asoslangan zamonaviy ilmiy-ta’lim muhitini yaratish borasidagi Akademiya tajribasi bilan tanishdilar.

Shuningdek, mehmonlar Akademiya tomonidan maxsus ishlab chiqilgan axborot-ta’lim portali vositasida xodimlarning ishdan ajralmagan holda masofadan malaka oshirish jarayonini, multimedia texnologiyalarini qo‘llagan holda sifatli o‘quv materiallarini ishlab chiqish imkoniyatini beruvchi zamonaviy multimedia studiyasi faoliyatinm ko‘zdan kechirdilar.

Tinglovchilar nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan maxsus jihozlangan o‘quv xonalari: kriminalistik poligon, kiberpoligon va darknet laboratoriya, sud majlislari imitatsiyasi xonasi, voqea joyini ko‘zdan kechirish tergov harakatini amalga oshirish virtual imitatsiyasi moslamasi, elektron tir va boshqa o‘quv-amaliy xonalar imkoniyatlarida hamkorlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Kunning ikkinchi yarmida Akademiyada “Prokuratura organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari S.Artikova ochib berdi. Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi tizimida yagona kadrlar siyosatini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i V.Vlasov, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi universiteti prorektori – ilmiy-tadqiqot instituti direktori R.Jubrin, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi Prokuror-tergov xodimlarini kasbiy tayyorlash markazi direktori A.Moldaxanov, Rossiya va Qirg‘iziston Bosh prokuraturalari mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi rahbariyati va xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan davra suhbatida asosiy e’tibor yuridik ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, kadrlarni tayyorlashda zamonaviy texnologiyalarni va samarali metodikalarni joriy etish, xodimlar kasbiy komtensiyalarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va bu borada professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qilishga hamda bu borada o‘zaro tajriba va fikr almashinuviga qaratildi.Xalqaro davra suhbatida Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasining prokuror-tergov xodimlarini kasbiy qayta tayyorlash Markazi direktori A.Moldobayev “Qirg‘iziston Respublikasida olib borilayotgan yangi kadrlar siyosati sharoitida prokuratura organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish” mavzusida, Rossiya Federatsiyasi prokuraturasi Universiteti prorektori  ilmiy-tadqiqot instituti direktori R.Jubrin “Prokuratura organlari va idoralarining kadrlarini tayyorlashda Rossiya Federatsiyasi Prokuratura universitetining tutgan o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi.

Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i Ye.Kolenko Akademiyaning huquq sohasida ilm-fanni rivojlantirish borasida erishilgan natijalari va bu boradagi istiqbolli vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.

Tashrif doirasida shuningdek tomonlar o‘rtasida kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohalarida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Memorandumlarning imzolanishi tomonlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga sezilarli turtki beradi.
Professor-o‘qituvchilarning stajirovkalarini tashkil etish, tinglovchilar uchun akademik mobillik dasturlarini hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish ta’lim sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Ilmiy-tadqiqot sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar olib borish, inson huquqlari, kiberjinoyatchilik, odam savdosi, giyohvand moddalar savdosi, korrupsiya, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa masalalar bo‘yicha ilmiy maqolalar tayyorlash va tadqiqot natijalarini nashr etish, umumiy ilmiy-o‘quv laboratoriyalari va markazlarini yaratish, uslubiy materiallar, ilmiy va o‘quv adabiyotlari almashinuvi nazarda tutilgan.