Akademiya vakillari hukumat ekspertlari sifatida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi obzorida ishtirok etdilar

Akademiya vakillari hukumat ekspertlari sifatida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi obzorida ishtirok etdilar

O‘zbekiston Respublikasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur faoliyat doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari hukumat ekspertlari sifatida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi II va V boblari qoidalarining bajarilishini o‘rganish maqsadida Chili Respublikasiga mamlakat tashrifida ishtirok etdilar.

Missiyada ikkinchi ko‘rib chiquvchi davlat sifatida shuningdek Yamayka Bosh prokuraturasi va Milliy halollik komissiyasi ekspertlari, Kotibiyat sifatida esa BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Venadagi shtab-kvartirasi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Chili tomonidan Prezident ma’muriyati, Bosh nazoratchi ofisi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Oshkoralik va shaffoflik bo‘yicha kengash, Davlat xizmati, NNT, moliya va soliq organlari, moliyaviy razvedka tuzilmalari va boshqa muassasalar xodimlari ishtirok etdilar. 

Savol-javoblar asosida tashkil etilgan muloqotda Konvensiyaning ikki bobidagi korrupsiyaning oldini olish, shuningdek, mulkni qaytarish chora-tadbirlariga oid normalari moddama-modda muhokama qilindi.

Muhokamalar natijasi bo‘yicha Chili tarafiga ko‘rib chiqilayotgan moddalarga tegishli normativ hujjatlar yoki ko‘chirmalar ro‘yxatidan iborat qo‘shimcha savollar ro‘yxati berildi.
T

aqdim etilgan ma’lumotlarga asoslangan holda, Chilida korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ijobiy islohotlarni qayd etish mumkin. Transparency International tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish ndeksi hisobotiga ko‘ra, Chili so‘nggi besh yil ichida 67 ball bilan dunyoda 27-o‘rinni, mintaqada Urugvaydan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.

2020 yilda Bosh nazoratchi ofisi tomonidan 16 mingdan ortiq respondentni qamrab olgan “Korrupsiyaga barham berish” tadqiqoti o‘tkazildi. Mazkur ishning natijasi ofis tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi bo‘ldi.

Profilaktika choralari qatorida, mamlakatni 2011 yildan buyon 80 ga yaqin davlat va minglab NNTni qamrab olgan, hukumatlarni fuqarolar uchun yanada mas’uliyatli, inklyuziv va ochiqroq bo‘lishga chaqiruvchi “Open government” xalqaro platforma tashabbusida ishtirok etib kelayotganini qayd etishimiz mumkin.

Ushbu platforma doirasida fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan Chili hukumatining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Ochiqlik bo‘yicha 5- Harakat rejasi keltirilgan. Ushbu reja axborot va ochiq ma’lumotlardan foydalanish, davlat xaridlari va shartnomalar tuzish, ochiq odil sudlov, ochiq parlament va inson huquqlari kabi sohalarni qamrab olgan.

Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida Bosh nazoratchi idorasi va BMTTD tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, ixtiyoriy tashabbus bo‘yicha davlat va xususiy sektori, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va ilmiy doiralar vakillaridan iborat 30 nafar a’zosi bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi alyansni tashkil etish tajribasi ham muvaffaqiyatli deb tan olindi.

Huquqni muhofaza qilish sohasida milliy va xorijiy mansabdor shaxslarga pora berish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi joriy etilgani, mamlakat bo‘ylab korrupsiyaga oid ishlarni tergov qiluvchi maxsus prokurorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturani tashkil etish masalasi Strategiyaga kiritilganini alohida ta’kidlash mumkin.

Mamlakatda jinoiy daromadlarni yashirishning oldini olish va ularni fosh etish samaradorligini oshirish maqsadida yuridik shaxslarning benefitsiar egalari milliy reyestrini yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlandi.

Tashrif natijasi bo‘yicha BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarini Chilida amalga oshirish bo‘yicha yakuniy hisobot va xulosa tayyorlanadi.