Bosh prokuratura Akademiyasining Darknet laboratoriyasi negizida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi bilan hamkorlikda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB) mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida elektron dalillarni boshqa davlatlardan so‘rov asosida olish masalalariga bag‘ishlangan milliy trening boshlandi.
Trenerlar tayyorlash bo‘yicha ushbu trening (ToT) YEXHT Kotibiyati huzuridagi Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish departamentining “Markaziy Osiyoda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish salohiyatini kuchaytirish” loyihasi doirasida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Trening ochilish marosimida BMT GJBning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori v.b. Xans Ulrix Im va Bosh prokuratura Akademiyasi rahbari Ye.V.Kolenko so‘zga chiqdilar.
Trening Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati hamda IIV Akademiyalari, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK, Oliy sud kabi kiberjinoyatchilik yoki kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi davlat organlari vakillari ishtirokida 2022 yil 24 oktabrdan 27 oktabrgacha davom etadi.
Trening dasturi elektron dalillar bo‘yicha so‘rov yuborish, ushbu jarayonda inson huquqlariga rioya qilish, so‘rov yuborishda yuzaga keladigan muammolar, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha so‘rovlar, shuningdek, o‘zaro huquqiy yordamga oid masalalarni o‘z ichiga oladi.
Tadbir dasturi doirasida ishtirokchilarining ehtimoliy kamchiliklarini bartaraf etish, bilim va ko‘nikmalarini institutsionalizatsiya qilish maqsadida 2022 yil 28 oktabr kuni trening yakunlari bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan yuqorida ko‘rsatilgan organlar rahbariyati vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, davra suhbati doirasida “Tik Tok” ijtimoiy tarmog‘ining hududiy menejerining ishtiroki ham rejalashtirilgan. Davra suhbati ishtirokchilari boshqa davlatlarning xizmat ko‘rsatuvchi provayderlaridan elektron dalillarni so‘rov asosida olishning amaldagi tartiblarini muhokama qiladilar va samarali milliy mexanizmlarni yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadilar.