Bosh prokuratura Akademiyasida pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning ichki nazorat xizmati xodimlari uchun “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni tashkil etish” mavzusidagi masofaviy malaka oshirish kursi boshlandi.
Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning mas’ul xodimlari malaka oshirish kursi tinglovchilari hisoblanadilar.
Malaka oshirish kursi dasturi jinoiy daromadlarni legallashtirish va terorizmni moliyalashtirish xavfini aniqlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning xalqaro tizimi haqida ma’lumot hamda maqsadli moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash kabi masalalarni qamrab olgan.
Malaka oshirish kursi mashg‘ulotlari doirasida O‘zbekiston Respublikasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va terrorizmni moliyalashtirish xavflarini sektorlar va milliy darajada baholashni o‘tkazish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizim faoliyati xususiyatlariga oid masalalar ham ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur malaka oshirish kursi tinglovchilarda ichki nazorat xizmati tizimini tashkil etish, sektorlar xavflari darajasini aniqlash va baholash, maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni aniqlashga oid nazariy bilimlarini, shuningdek ularni qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.