Bosh prokuratura Akademiyasi BMT GJB, BMT savdo va taraqqiyot konferensiyasi (YUNKTAD) va Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) tomonidan amalga oshirilayotgan noqonuniy moliyaviy oqimlarni o‘lchashda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba loyihasida ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 83-son qaroriga asosan Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining “Samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlar guruhi tashkil etilgan.
Hozirda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 16.4-vazifasida belgilangan 2030 yilgacha noqonuniy pul va qurol-yarog‘ oqimlarini jiddiy ravishda qisqartirish, o‘g‘irlangan aktivlarni izlab topish va qaytarish bo‘yicha ishlarni jonlantirish va uyushgan jinoyatchilikning barcha shakllariga qarshi kurash olib borishni ta’minlash bo‘yicha metodologiya va ko‘rsatmalar takomillashtirilmoqda.
Yuqorida keltirilgan loyihaning maqsadi noqonuniy moliyaviy oqimlarni o‘lchash uchun statistik salohiyatni mustahkamlashdan iborat. Loyihada tegishli idoralar tomonidan ma’lumotlarni baholash, noqonuniy faoliyat turlari bo‘yicha maxsus metodikalardan foydalanish va tegishli o‘quv tadbirlari o‘tkazish nazarda tutilgan.
Loyiha doirasida vujudga kelgan masalalarga aniqlik kiritish maqsadida joriy yilning 27-28 oktabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida ESKATO ekspertlari Alik Mdjuma Nyasulu, Anastasiya Maga va Ayodele Marshall ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda Bosh prokuratura, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, DBQ, DSQ, Davlat statistika qo‘mitasi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Mazkur seminar soha mutaxassislari salohiyatini mustahkamlash, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish hamda Milliy maqsad va vazifalarning 16.4-vazifasini bajarilishi samaradorligini oshirishga muhim ahamiyat kasb etadi.