Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash masalalari bo‘yicha navbatdagi simulyatsion trening tashkil etildi

Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash masalalari bo‘yicha navbatdagi simulyatsion trening tashkil etildi

Akademiya tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, IIV, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida 2022 yilning 16-18 noyabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida “Giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasidan kelib tushgan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish” mavzusida navbatdagi xalqaro simulyatsion trening o‘tkazildi.

Trening O‘zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyundagi PF–6252-son Farmoni) belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasining 27-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari tergovchi va tezkor xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi hamda Tojikiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakillari ishtirok etdi.

Trening davomida ishtirokchilar giyohvand moddalar yoki psixotrop vositalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoiy ishlar doirasida parallel moliyaviy tergov o‘tkazish borasidagi xalqaro amaliyot, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan idoralararo hamkorlik va bunday jinoyatlarni tergov qilish davomida xalqaro tashkilotlarning tutgan o‘rni to‘g‘risida ma’lumot oldilar.

Tadbir amaliy xarakterga ega bo‘lib, imitatsion treningda tortishuvchanlikni ta’minlash maqsadida ishtirokchilar turli tashkilot vakillaridan iborat guruhlarga bo‘lindi.

Guruhlar oldindan tayyorlangan jinoyat ishi maketi va videomateriallar asosida protsessual va tergov harakatlarini (tintuv, dalillarni to‘plash va ko‘zdan kechirish, so‘roq qilish va boshqa) amalga oshirdilar, protsessual qarorlar chiqardilar, tergov natijalariga ko‘ra ayblov xulosasi hamda sxemalar tayyorlanib, hakamlarga taqdim etildi va ular tomonidan baholandi.

Trening jarayonida olingan ko‘nikmalar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish milliy tizimi samaradorligini oshirish, o‘zaro baholash doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Kurs yakuni bo‘yicha ishtirokchilarga sertifikatlar berildi.