Korrupsiyaga qarshi faoliyat samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Korrupsiyaga qarshi faoliyat samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2022 yil 25 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zNNTMA bilan hamkorlikda hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi  ko‘magida “Korrupsiyaga qarshi faoliyat samaradorligini oshirishda amaliy tadqiqotlarning ahamiyati” mavzusidagi xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida milliy va xalqaro darajadagi akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Bosh prokuratura Akademiyasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tadqiqotlarni olib borayotgan izlanuvchilari va magistratura tinglovchilari ishtirok etdi.

Aralash formatda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), ilmiy va ta’lim muassasalari vakillarining ishtirok etishiga imkoniyat yaratildi.

Tadbir davomida akademik doiralar, soha ekspertlari va milliy NNTlar hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotlarining natijalari ko‘rib chiqildi, ushbu yo‘nalishni rivojlantirish masalalari hamda samarali tadqiqotlarni o‘tkazishga qaratilgan takliflar muhokama qilib olindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasi tahlilchisi Irakliy Urushadze, Ruminiya Ekspertlar forumi loyiha rahbari Septimus Parvu va Lund universiteti (Shvetsiya) professori Rustam O‘rinboyevlar korrupsiyaga qarshi siyosatini baholash ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, davlat xaridlarini monitoring qilishda jamoat tashkilotlari va ilmiy jamoatchilikning roli hamda korrupsiyani va unga qarshi kurashishni fanlararo yondashuv asosida o‘rganish masalalari bo‘yicha tajriba bilan tanishtirishdi.

Ishtirokchilar fuqarolik jamiyati institutlari va akademik hamjamiyat o‘rtasida bunday tadbirlarning o‘tkazilishi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amaliy tadqiqotlarni o‘tkazishda zamonaviy metodika, ilmiy tamoyil va yondashuvlarni qo‘llash, tadqiqot doirasida ilmiy asoslangan xulosalar hamda samarali taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishini ta’minlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tishdi.