Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan haftalik doirasida joriy yilning 20 dekabr kuni Akademiya tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Giyoxvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va “Mintaqavi muloqot” XNNT bilan hamkorlikda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi modeli: “Konvensiyani amalga oshirish mexanizmi: ikkinchi bosqich obzori” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Samarqand davlat universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining magistratura tinglovchilari rolli o‘yinlar shaklida Konvensiya ishtirokchi-davlatlari delegatlari sifatida chiqish qilishdi.
Konferensiyada ishtirokchilar ikki bosqichdan iborat bo‘lgan tadbirlar orqali o‘zaro huquqiy bilimlarini sinashdi.
Birinchi bosqich davomida ishtirokchilar Koreya Respublikasi, Estoniya, AQSH (Massachussets shtati misolida), Chili, Qozog‘iston, Nigeriya va O‘zbekiston davlatarining shartli delegatlari sifatida o‘zlarining davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga ixtisoslashgan organlarning Konvensiyaning 9-moddasiga asosan budjet mablag‘lari va davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha hisobotlarni taqdim qilishdi, boshqa delegatsiyalarning savollariga javob berish orqali debatlarda qatnashishdi.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha tahliliy solishtirish asosida O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan takliflar yuzasidan taqdimot o‘tkazishdi.
Delegatsiyalarning chiqishlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT GJB Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi va “Mintaqaviy muloqot” XNNTdan jalb qilingan milliy va xalqaro darajadagi ekspertlar tomonidan baholab borildi.
Tashkil etilgan tadbir ishtirokchilarning BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalari bo‘yicha bilimlarini oshirishga, Konvensiya bo‘yicha obzor mexanizmlarini o‘tkazishga hamda xorijiy mamlakatlar va O‘zbekistonda budjet mablag‘lari va davlat xaridlarida boshqarishda shaffoflikni ta’minlash masalalari bilan yaqindan tanishishga imkoniyat berdi.