Jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha Yaponiya tajribasini o‘rganish

Jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha Yaponiya tajribasini o‘rganish

Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining ilmiy-tadqiqot salohiyatini mustahkamlash maqsadida Yaponiyaga Akademiya vakillarining tashrifi tashkil etildi.

Tadbir 2019 yilda imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida, 2022 yil sentyabr oyida Yaponiya delegatsiyasining  Akademiyaga tashrifiga javoban, Yaponiya Adliya vazirligining ilmiy-tadqiqot va ta’lim instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) taklifiga binoan tashkil etildi.

Yaponiya tomonidan tadbirlarda Institut rahbariyati va mas’ul xodimlari, shuningdek Takushoku universiteti, Yaponiya Adliya vazirligi Taraqqiyot instituti ta’lim departamenti, Kioto prefekturasi va politsiya bosh boshqarmasi tergovni rejalashtirish departamenti vakillari ishtirok etdilar.

Tashrif davomida Institut direktori Toshinobu Uetomi bilan uchrashuv tashkil etildi. Dasturga muvofiq, guruh rahbari Ye.Kolenko ma’ruza qilib, unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va sud-huquq sohasi islohotlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, Yaponiya tomoniga O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tuzilishi, vazifalari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida taqdimot qilindi.

Shuningdek O‘zbekiston va Yaponiyada amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar to‘g‘risida muloqot bo‘lib o‘tdi, tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish va jinoyatlarning oldini olishning milliy institutsional asoslari to‘g‘risida ma’lumot berishdi.

Tashrif doirasida  Kioto politsiyasi boshlig‘i Xiroki Sutsui bilan uchrashuv tashkil etilib, unda  qabul qiluvchi tomon politsiyaning asosiy faoliyati va texnik jihozlanishi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Kioto tumanlaridan birining politsiya uchastkasi quyi bo‘g‘ini (Koban) ishi bilan tanishdi. Uchastkaning asosiy faoliyati ushbu hududda sodir etilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga hamda huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni ushlash bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishga qaratilgan.

Bundan tashqari, delegatsiyalar ishtirokchilari Yaponiya Adliya vazirligining Taraqqiyot departamenti rivojlanish va tadqiqot instituti vakili janob Ye.Kodji bilan uchrashdilar. U Yaponiyadagi jinoyatchilik holati to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar to‘plash bo‘yicha o‘tkaziladigan tadqiqot metodologiyasini batafsil tushuntirib berdi va departament tomonidan yillik nashr etiladigan “White Paper” jinoiy statistika to‘plamining taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu to‘plam ijtimoiy-iqtisodiy, demografik va boshqa ko‘rsatkichlar nuqtai nazaridan kriminogen vaziyatni kompleks tahlil qilishga imkon beradi.

Tomonlar shuningdek sun’iy intellektdan foydalanish orqali jinoiy odil sudlovning kelajagi, huquqni muhofaza qilish tizimida jinoyatchilikning oldini olishning texnik metodologiyasi, jinoyatchilikning oldini olish tizimi, rasmiy statistik va haqiqiy ma’lumotlar asosida jinoyatchilik holatini baholash masalalari va boshqa mavzularda tajriba almashdilar.