Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish, ta’lim jarayoniga innovatsion metod va texnologiyalarni joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
2023 yil 23-27 mart kunlari elektiv kurslarni ishlab chiqish va unga qo‘yiladigan talablar hamda amaldagi elektiv kurslarni samarali tashkil etish bo‘yicha Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokidagi navbatdagi seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-trening jarayonida professor-o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida malaka oshirish jarayonini masofaviy va aralash shakllar asosida diversifikatsiyalash mexanizmlari, masofaviy va aralash malaka oshirish jarayonini pedagogik dizayn (Instructional design) modellari asosida strategik loyihalashtirish usullari, masofaviy va aralash kurslar doirasida tyutorlik faoliyati yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, masofaviy va aralash kurslar o‘quv rejalarini majburiy va elektiv modullar asosida shakllantirish texnologiyalari, elektiv kurslarning tarkibiy qismi, didaktik ta’minoti, yangi ishlab chiqilgan elektiv kurslarni elektron platformaga joylashtirish va amaliyotga joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur seminar-trening Akademiya professor-o‘qituvchilarining elektiv kurslarni tashkil etish masalalari va unda tyutorlik faoliyatini yuritishga oid ko‘nikmalarini rivojlantirish, pedagogik mahoratini oshirishga xizmat qildi.