O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu ilmiy-amaliy konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari va magistratura tinglovchilari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari, yu.f.d., prof. M.Mamasiddiqovning kirish so‘zi bilan ochib berildi. Tajribali professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda ma’ruzachilar sifatida yosh olimlar ham ishtirok etib, o‘z ilmiy-tadqiqot mavzulari yuzasidan ma’ruza qildilar.
Xususan, ma’ruzachilar odil sudlovni ta’minlashda taraflar tortishuvi prinsipi, jamiyatda siyosiy barqarorlikni ta’minlashda inson huquqlariga rioya etilishi, O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi muammolar qolaversa, qiynog‘ga qarshi kurashishga oid qonunchilik ustidan prokuror nazoratini tashkil etishda hamkorlik masalalari hamda globallashuv jarayonida sun’iy intellektni qo‘llash bilan bog‘liq huquqiy muammolari yuzasidan taqdimot qildilar.
Ushbu konferensiyada ishtirokchilar o‘tgan davrda davlat-huquqiy, fuqarolik-huquqiy, jinoyat-huquqiy va xalqaro-huquqiy fanlar bo‘yicha erishilgan yutuqlar haqida fikr almashdilar, shuningdek bilimlar iqtisodiyoti sharoitida intellektual mulkni tijoratlashtirishning huquqiy jihatlari, maktabga qabul qilish va o‘quv faoliyatini tashkil etishda korrupsiyaviy omillari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida yuridik fanni yanada rivojlantirishning istiqbollari xususida xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.