Bundan ikki yil muqaddam, 2018 yil 8 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmoni qabul qilinib, uning asosida Bosh prokuratura Akademiyasi tashkil etildi.
Qisqa vaqt ichida Akademiyaning zamonaviy talablarga javob bera oladigan, prokuratura organlari oldiga qo'yilgan vazifalarni samarali bajara oladigan yangi formatsiyadagi kadrlarni tayyorlashga qaratilgan zaruriy o'quv-ilmiy salohiyati shakllantirildi.
Akademiya tashkil topganidan so'ng akademik ta'lim va amaliyot o'rtasidagi mavjud bo'shliqlarni to'ldirish, prokuratura organlarini prokuror-tergov faoliyatining turli yo'nalishlari bo'yicha zarur ko'nikma va kompetentsiyalarga ega bo'lgan kadrlar bilan ta'minlash imkonini beradigan prokuratura organlarida lavozimlarni egallashga nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlashning mutlaqo yangi modeli yaratildi.
O'qitishning eski, siyqasi chiqqan shakl va usullari tubdan qayta ko'rib chiqilib, fan, ta'lim va amaliyotning chuqur o'zaro aloqasi va almashinuviga asoslangan ilg'or innovatsion ta'lim texnologiyalari joriy etildi. Prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash modeli ham qayta ko'rib chiqilib, bosqichma-bosqich zamonaviylashtirildi.
Ushbu kurslar tinglovchilarning faoliyatni tashkil etishning innovatsion metod va shakllari, boshqaruv asoslarini egallash, ularning bilimlari va boshqaruv ko'nikmalarini chuqurlashtirish, prokuratura organlari faoliyatini yanada takomillashtirishning samarali mexanizmlarini yaratish, shuningdek, kasbiy faoliyatga asoslangan kompetentsiyalarini rivojlantirishga qaratilgandir.
Birinchi marta prokuratura organlarining har bir xodimi uch yilda kamida bir marta o'qishi shartligini belgilovchi tartib o'rnatildi.
Ikki yil davomida Akademiyada 10 mingdan ortiq tinglovchilar ta'lim oldi.
Akademiya tomonidan o'quv reja va dasturlarini tuzishda Bosh prokuratura tarmoqlari va quyi turuvchi prokuraturalar bilan o'zaro aloqa mexanizmlaridan foydalanishning majburiyligini belgilovchi tartib o'rnatildi.
Muntazam ravishda so'rovlar o'tkazilib, o'quv jarayonini tashkil etishda foydalaniladigan, o'zgarib boruvchi o'quv ehtiyojlari diagnostika qilinmoqda, bu esa nazariya va amaliyotning chuqur o'zaro aloqasini ta'minlamoqda.
O'quv dasturlari ham o'zaro aloqa materiallari tahlili, xususan amaliyotda tizimli tus olgan kamchiliklardan iborat huquqni qo'llash amaliyotining asosiy muammolarini umumlashtirish natijalarini o'zida aks ettirgan.
Akademiyaning oldiga qo'yilgan asosiy vazifalardan biri sifatida davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa masalalari bo'yicha malakasini oshirishning belgilanishi alohida ahamiyatga bo'lgan yangilik bo'ldi.
O'tgan davr mobaynida 6000 nafarga yaqin huquqni muhofaza qilish organlari va davlat xizmatchilari Akademiyada tahsil oldi.
2019/2020 o'quv yilidan boshlab Akademiyada magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlashga asos solindi.
Shuni ta'kidlash joizki, “Prokurorlik faoliyati” va “Tergov faoliyati” mutaxassisliklari bilan bir qatorda respublikada ilk marotaba Akademiya magistraturasi negizida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida eng dolzarb va yuqori talabga ega bo'lgan “Korruptsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishi bo'yicha tor doiradagi mutaxassislar tayyorlash tashkil etildi.
Magistraturadagi o'quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, o'qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqligiga asoslanadi.
Akademiyaning o'quv jarayoniga amaliyotga asoslangan va kompetentsiyaviy yondashuv joriy etilib, faoliyatning barcha sohalari raqamlashtirilishi zamonaviy axborot-ta'lim muhitida innovatsion uzviylikka o'tish hamda elektron (masofaviy) ta'lim mexanizmlarini to'liq joriy etish imkoniyatini berdi.
Akademiya mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan va joriy etilgan bir qator dasturiy mahsulotlar Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan mualliflik guvohnomalarini qo'lga kiritdi.
2018 yil noyabr oyida Akademiyada asosiy ish joyidan ajralmagan yoki qisman ajralgan holda ta'lim olishga mo'ljallangan «ProAcademy» axborot-ta'lim elektron portali ishga tushirilib, uning vositasida o'tgan davr mobaynida 4717 nafar xodim o'qitildi.
Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga oid epidemiologik holat bilan bog'liq karantin choralari joriy etilishi natijasida Akademiyada barcha yo'nalishlar bo'yicha ta'lim dasturlari to'liq masofaviy ta'lim rejimiga o'tkazildi.
Akademiya qo'shma ilmiy tadqiqotlar o'tkazish, normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega bo'lgan ma'lumotlarni almashish, pedagog, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish sohalarida faol va samarali xalqaro hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Hozirga qadar 30 dan ziyod yetakchi ilmiy va ta'lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o'rnatildi, 15 nafar xorijiy mutaxassis
uzoq muddatli asosda o'quv jarayoniga jalb qilindi.
Talabalar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish bo'yicha erishilgan kelishuvlar asosida Akademiya magistraturasi talabalari hozirgi kunda yetakchi xorijiy ta'lim muassasalarida tahsil olmoqdalar.
Akademiyada ona tilisi ingliz tili bo'lgan xorijiy mutaxassislar jalb qilingan holda tinglovchilarga yuridik ingliz tilini chuqur o'qitish tashkil etib kelinmoqda.
2019 yilda Akademiyaning zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan yetarli auditoriya fondiga ega bo'lgan yangi binosi foydalanishga topshirildi. Maxsus xonalar (poligonlar) sud jarayonlarini modellashtirish, hodisa sodir bo'lgan joyni ko'zdan kechirish va boshqa amaliy mashmashg'ulotlarni xaqiqiy sharoitlarga yaqinlashtirilgan holda o'tkazish imkonini beradi. Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlarini o'tkazish bo'yicha amaliy va maxsus ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida vaziyatli o'quv mashg'ulotlar tizimli ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Akademiyaning 15 ming dona adabiyotlar fondiga ega bo'lgan Axborot-resurs markazi Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi, ilmiy resurslarning yirik agregatori EBSCO publishing, E-library Ilmiy elektron kutubxonasi, Asian Journal of Comparativ Law, ProQuest dissertatsiya va diplom ishlari bazasiga ulangan bo'lib, Akademiyaga Scopus, Mendeley, ScienceDirekt va Springer Nature axborot platformalari va resurslaridan foydalanish imkoniyati berilgan.
Akademiyada uch mutaxassislik bo'yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish bo'yicha Ilmiy kengash faoliyat ko'rsatadi. Respublikamizda birinchi bo'lib «12.00.07 – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura», shuningdek 12.00.12 – «Korruptsiya muammolari» mutaxassisliklari bo'yicha ilmiy darajalarini berish bo'yicha ilmiy kengashlar faoliyati aynan Akademiyada tashkil etilganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Akademiyaning oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim instituti tomonidan ilmiy kadrlar tayyorlash faoliyati amalga oshirilib, unda bugungi kunda 8 nafar doktorant va 24 nafar mustaqil izlanuvchi ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug'ullanmoqda.
Sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida idoralararo ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va ularni muvofiqlashtirish maqsadida Akademiya tashabbusi bilan xuquq fani tarixida birinchi marta TDYUU, Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi, IIV Akademiyasi, Milliy gvardiya XTI, DXX instituti, DBQ Bojxona instituti, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va DSQ huzuridagi Malaka oshirish markazidan tashkil topgan Ilmiy-tadqiqot konsortsiumi tashkil etildi.
Akademiyaning professor-o'qituvchilar tarkibi tomonidan 150 dan ortiq o'quv, uslubiy va amaliy qo'llanmalar, monografiyalar va boshqa maxsus adabiyotlar tayyorlandi va chop etildi.
Akademiya jamoasi 12 ta xalqaro loyihalarni, shuningdek Innovatsion rivojlanish vazirligining ilmiy-texnik dasturlari doirasida 5 ta ilmiy-tadqiqot loyihalarni amalga oshirishga jalb etilgan.
Akademiya tomonidan Bosh prokuratura Akademiyasining Axborotnomasi ilmiy-amaliy jurnali chop etilib, u yuridik fanlar bo'yicha dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish uchun OAK tomonidan tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro'yxatiga kiritilgan.
Akademiyaning Korruptsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi faoliyati alohida e'tiborga molik bo'lib, bunda asosiy yo'nalishlar sifatida tahliliy, ilmiy va ekspert salohiyatini yuksaltirish, korruptsiyaga qarshi kurash sohasida kadrlarni o'qitish va kasbiy tayyorlash, shuningdek, mazkur sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabilar belgilangan.
Shuningdek, Akademiya tomonidan jinoyatlar sodir etilishining sabablari tizimli tahlil qilinadi va o'rganiladi, huqubuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyat uslubiy ta'minlanadi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirish borasidagi faoliyatni ta'minlash sohalarida ilmiy tafsiyalarni ishlab chiqish maqsadida tizimli monitoring mexanizmlari joriy etilgan.
Akademiya mutaxassislari jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishchi guruhlar tarkibida faoliyat yuritib kelmoqda.
Akademiya xodimlarining yuqori salohiyati istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo'yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovida, “El-yurt umidi” jamg'armasining stipendiyali tanlovida hamda IJET, JICA, E4J, RGSL va boshqa xalqaro tanlovlar va dasturlarda erishilgan g'alabalar bilan tasdiqlanadi.
O'tgan davrda Akademiya muntazam ravishda yurisprudentsiyaning muhim masalalari bo'yicha mutaxassislarning muloqot va hamkorlik qilishi uchun xalqaro maydon yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Konferentsiya, seminar va davra suhbatlari o'tkazishda xalqaro darajadagi akademik mobillik va bilimlar transferini ta'minlash maydonchasi yaratildi.
Shuningdek, mazkur sana munosabati bilan yetakchi milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida huquqni qo'llashda muammolarni aniqlash va ularni hal qilishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish bo'yicha onlayn tarzda bir qator ilmiy-amaliy tadbirlar o'tkazilishi belgilangan.
Hozirgi vaqtda tashkil topganligining ikki yilligi munosabati bilan Akademiyaga xorijiy va xalqaro tashkilot va muassasalar – Akademiya hamkorlaridan ko'plab tabriklar kelib tushmoqda.
Fursatdan foydalanib, Akademiya jamoasi tadbriklar va samimiy tilaklar uchun minnatdorchilik bildiradi hamda qonuniylikni ta'minlash maqsadida prokuratura organlari kadrlari salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan samarali hamkorlikni davom ettirishga umid bildiradi.
Axir qisqa muddat ichida Akademiyaning shiori «Et docere et discere servitute legis» (Qonunga xizmat qilish maqsadida o'qitish va ta'lim olish) xodimlarning kundalik hayotda singdirib boruvchi g'oyasiga aylanib ulgurdi.