Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish yo‘lida

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2023 yil 30 sentyabrdagi 524-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huzurida yuridik fanlar bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01 raqamli ilmiy kengashga 12.00.01 – “Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi” ixtisosligi bo‘yicha ham dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazishga ruxsat berildi.

Bu esa O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tarixida ilmiy faoliyatni amaliyot bilan bog‘lagan holda tadqiqotlar olib borishga, bu orqali yangi imkoniyatlar ochilishiga zamin yaratdi.

Akademiya ilmiy kengashida 12.00.01 – “Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi” ixtisosligining tashkil etilishi huquq va davlatning rivojlanish jarayonlariga xos bo‘lgan nazariy-uslubiy, tarixiy-mantiqiy, umumiy va maxsus va boshqa usullardan foydalangan holda turli huquq nazariyalari, huquqiy fikr asoslarini ifodalovchi g‘oyalar, huquq va davlatni o‘rganishda yondashuvlar tarixini o‘rganish, ularni qiyosiy huquqiy o‘rganish imkoniyatini kengaytiradi.

Ayniqsa, vatanimiz taqdiriga daxldor bo‘lgan tarixiy adolatni tiklashda, xalqimiz va millatimizning kelajagi, uning ozodligi va erkinligi yo‘lida begunoh qurbon bo‘lgan insonlarni, xususan, prokuratura organlarida xizmat faoliyatini o‘tagan, xalqimizning ertangi taqdiri uchun kurash olib borgan prokurorlarning, fan va jamoat arboblarining ijodiy meroslarini o‘rganish orqali, ularning xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.