2022-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi beshinchi ustuvor yo‘nalishida ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Unda aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimizning boy tarixi, ilmiy madaniy merosi, milliy diniy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil etish belgilangan.
Mazkur strategiyaning mazmunidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Islom fiqhi va zamonaviy huquqshunoslik uyg‘unligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatiga yuqori malakaga ega bo‘lgan huquqshunoslar bilan bir qatorda o‘z sohasining yetakchi mutaxassislari, tarixchi, faylasuf, siyosatshunos, jamiyatshunos, dinshunos, islomshunos olimlar jalb qilindi.
Mazkur davra suhbatida ma’ruzachilar islomda gender tengligiga munosabat, xotin-qizlar huquq va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq ayrim masalalar, islom fiqhida sud huquq tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonunlari ijrosini nazorat qilishning o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Shuningdek, jamiyat siyosiy barqarorligiga din niqobidagi virtual tahdidlarning ta’siri, Sharq musulmon jamiyatlarining zamonaviy dunyoviy standartlarga munosabati mavzulari mutaxassislar tomonidan tahlil etildi.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildilar, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob oldilar hamda ishtirokchi mutaxassislarga akademiya rahbariyatining tashakkurnomalari taqdim etildi.