2023 yil 1 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining bir yilligi munosabati bilan “Huquqni muhofaza qilish sohasida yuridik ta’lim va fan: zamonaviy tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi.
Konferensiyaning maqsadi ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish, zamonaviy tahdidlarni inobatga olgan holda huquqni muhofaza qilish sohasi kadrlarini tayyorlash borasida tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek tergov faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash sohalarida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiya Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan «Mintaqaviy muloqot» XNNT, GIZ, Yevropa Kengashi, YEXHT, UNODS, IRZ va boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.
Anjuman yalpi va tematik sessiyalar shaklida tashkil etilgan bo‘lib, tadbirning birinchi kuni zamonaviy sharoitda ta’lim jarayonini tashkil qilishdagi muammolar, yuridik fan va huquqni qo‘llashning dolzarb muammolari, tergov faoliyati salohiyatini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirda fan va ta’lim sohasidagi 40 dan ortiq xorijiy va milliy ekspertlar, 20 ta mamlakatdan sohaviy muassasalar rahbarlari hamda mutaxassislari, shuningdek 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yuldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik A.X.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi qo‘mondoni R.M.Djurayev, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi A.Yu.Mavlonov huquq-tartibot idoralari faoliyatini samarali tashkil etishda fan va ta’limning ahamiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Akademiyaning zamon talablarini inobatga olgan holda sohada kadrlar tayyorlash borasidagi faoliyatini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Konferensiyani tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilgan BMT GJBning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili A.Mittal, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihasi koordinatori, Missiya rahbari v.b. Z.Klyover, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti direktori (Sloveniya) M.Sever, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Y.Fris, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasining rahbari, elchi Sh.Adrian, Yevropa Kengashi Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi bo‘lim rahbari S.Dikman Akademiya tashkil etilganining bir yilligi bilan qutlab, trasmilliy uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini ta’minlash va boshqa muhim yo‘nalishlarda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishni kelgusida davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Hamkorlar Akademiyaning yuridik kasbiy ta’limni rivojlantirish, innovatsion ta’lim va raqamli texnologiyalarni joriy etish, fan va ta’limning yuqori sifat standartlariga erishish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ekanliklarini ta’kidlashdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov, Turkiya Adliya akademiyasi prezidenti M.Uzdemir, Malayziya korrupsiyaga qarshi akademiyasi direktori I.Bin Zaxarudin, Fransiya Magistratlar maktabi (ENM) direktorining o‘rinbosari X.Bulakras, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari S.Noshadi, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi rektori M.Seksembayev, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi ilmiy-ta’lim markazi boshlig‘i M.Axmedov, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Prokuratura xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi direktori A.Kiyazov va boshqa tashkilot va muassasalar rahbar va xodimlari ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Shu bilan birga, konferensiya doirasida “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim: akademik mukammallik, texnologiya va innovatsiyalar”, “Korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro standartlarni joriy etish: muammolar va ularning yechimlari” hamda “Tergov xodimlarini o‘qitish va tayyorlashga zamonaviy yondashuvlar: nazariyadan amaliyotga” mavzularida parallel sessiyalar o‘tkazildi.
Konferensiya doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Fransiya milliy magistratura maktabi (ENM) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Akademiya rahbariyatining Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi rektori M.Seksembayev hamda Moldova Respublikasi Adliya maktabi direktori Ye.Popa bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan sessiyalar natijalariga ko‘ra, konferensiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta’lim salohiyatini oshirish, mas’ul organlar faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi standartlarni implementatsiya etish, terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy aktivlarni tiklash, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalari qabul qilindi.
Konferensiya o‘z ishini 2 dekabr kuni Samarqand shahrida davom ettiradi.