2023 yil 2 dekabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining bir yilligi munosabati bilan “Huquqni muhofaza qilish sohasida yuridik ta’lim va fan: zamonaviy tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini davom ettirdi.
Konferensiyaning maqsadi ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish, zamonaviy tahdidlarni inobatga olgan holda huquqni muhofaza qilish sohasi kadrlarini tayyorlash borasida tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek tergov faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash sohalarida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbirda fan va ta’lim sohasidagi 40 dan ortiq xorijiy va milliy ekspertlar, 20 ta mamlakatdan sohaviy muassasalar rahbarlari hamda mutaxassislari, shuningdek 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiyaning ikkinchi kuni doirasida "Huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish masalalari: ilg‘or tajriba almashish va hamkorlik istiqbollari" mavzusida tematik sessiya bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko ishtirokchilarga huquqni muhofaza qilish faoliyati muammolarini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlar va Akademiyaning bu boradagi tajribasi haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Lund universiteti (Shvetsiya) huquq sotsiologiyasi kafedrasi professori P.Olsson mahalliy hamjamiyat darajasida jinoyatchilikning oldini olish va ijtimoiy-huquqiy nazorat masalalari haqida ma’ruza qildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha xalqaro ekspert (Yaponiya) F.Takayoshi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari bilan tanishtirdi.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar sessiya kun tartibidagi masalalarni muhokama qildilar va kelgusida ekspertlar hamjamiyati tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan ustuvor masalalarni belgilab oldilar.
O‘tkazilgan konferensiya natijalariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta’lim salohiyatini oshirish, mas’ul organlar faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi standartlarni implementatsiya etish, terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy aktivlarni tiklash, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalari qabul qilindi.