Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Akademiya tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va “Mintaqaviy muloqot” XNNT bilan hamkorlikda an’anaviy tarzda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi modeli: “Konvensiyani amalga oshirish mexanizmi: ikkinchi bosqich obzori” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining magistratura tinglovchilari rolli o‘yinlar shaklida Konvensiya ishtirokchi-davlatlari delegatlari sifatida ikki bosqichdan iborat bo‘lgan tadbirlarda o‘zaro bilimlarini sinashdi.
Birinchi bosqich davomida ishtirokchilar Malayziya, Yaponiya, Ispaniya, Latviya, Buyuk Britaniya, Kanada va O‘zbekiston davlatlarining shartli delegatlari sifatida Konvensiyaning 13-moddasiga asosan fuqarolik jamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashdagi faol ishtiroki yuzasidan chiqish qilishdi.
Xususan, delegatlar o‘z chiqishlarida aholini qarorlarni qabul qilish jarayonlariga jalb qilinishi, davlatda aholi uchun axborotning ochiqligi ta’minlanishi, aholi o‘rtasida korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlarning o‘tkazilishi, shuningdek korrupsiyaga qarshi ta’lim dasturlari, shu jumladan maktab va oliygohlarda o‘quv dasturlarining amalga oshirilishi kabi masalalarga alohida urg‘u qaratishdi hamda boshqa delegatsiyalarning savollariga javob berish orqali debatlarda qatnashishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar olingan yangi bilimlar asosida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyatining faolligini yanada kuchaytirish, ochiqlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan takliflar yuzasidan taqdimot o‘tkazishdi.
Delegatsiyalarning chiqishlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT GJB va “Mintaqaviy muloqot” XNNTdan jalb qilingan ekspertlar tomonidan baholab borildi.
Tashkil etilgan tadbir ta’lim muassasalari tinglovchilarining BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalari bo‘yicha bilimlarini oshirishga, Konvensiya bo‘yicha obzor mexanizmlarini o‘tkazishga hamda xorijiy mamlakatlar va O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi tajribalari bilan yaqindan tanishishga imkoniyat berdi.