O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Mamasiddiqov boshchiligida Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilari Bojxona qo‘mitasida bo‘lib, joriy yilning 29 avgustida Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida ishga tushirilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan tanishishdi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari hamda San’atkorlar, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish Palatasi raisi ham tanishuv jarayonlarida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022 yil 27 apreldagi PF–122-son Farmonida sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Bojxona rasmiylashtiruvi markazida Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasi faoliyat yuritmoqda.
Bojxona qo‘mitasida tashkil etilgan muqobili yo‘q yana bir markaz – Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasida esa Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlarining bojxona xizmatlari bilan tunu-kun o‘zaro tezkor ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston va Jahon bojxona tashkiloti o‘rtasidagi faol hamkorlikning yangi namunasi bo‘lgan Markaziy bojxona laboratoriyasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomini olgan bunday laboratoriyalar dunyo bo‘ylab atigi 10 ta davlatda bor, xolos.
Olimlar bojxona sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuq va tajribalarni fan bilan umumlashtirish, tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning amaliy tajribalarini ilmiy tadqiqotlarga keng jalb qilish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berishdi.