O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari joriy yilning 19-20 dekabr kunlari Toshkent shahridagi Kongress markazida bo‘lib o‘tgan Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan (Qatar Hukumati va BMT shafe’ligida) ta’sis etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimi, shuningdek Halollik chempionlari forumida ishtirok etishdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, mukofot asoschisi – Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, shu jumladan ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari qatnashdi.
Tadbir doirasida “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan Xalqaro mukofotning ramziy monumentning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti forum ishtirokchilarini qutlar ekan, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning ta’sis etilgani va uni topshirishga bag‘ishlangan marosimlar barcha qit’alarda o‘tkazib kelinayotgani yuksak e’tirofga sazovor ekanligini ta’kidladi. – Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tizimli huquqiy va institutsional islohotlar, BMT, IHXT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan amalga oshirilayotgan hamkorlik masalalari ta’kidlandi. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etish tadbirlari aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. 2030 yilga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, NNTlarni faol jalb etgan holda, o‘zaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining salohiyatini yanada oshirish, korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etish kabi yangi mexanizmlarni tatbiq qilish shular jumlasidandir.
Bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. BMTning Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini O‘zbekistonda keng joriy etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular ta’sirini yanada oshirish uchun Global media forumni o‘tkazish taklifini bildirdi.
Shundan so‘ng, dunyo miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashishning besh yo‘nalishi bo‘yicha hissa qo‘shgan olimlar va tadqiqotchilar, jurnalistlar, innovatorlar va faol tashkilotlar orasidan 9 nafar g‘oliblar taqdirlandi.
20 dekabr kuni o‘tgan yillardagi g‘oliblar ishtirokida Halollik chempionlari forumi Halollik chempionlari forumining panel sessiyalari o‘tkazildi. G‘oliblar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, korrupsiyaga nisbatan xalqaro qarashlar, yoshlar, akademik doiralar va ta’limning korrupsiyaning oldini olishdagi roli, ilmiy doiralar va innovatsiyalar hamohangligi masalalarini muhokama qilishdi. Alohida sessiya doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy tashabbuslari ko‘rib chiqildi.
Forumda Akademiya rahbariyati Xalqaro mukofot sovrindorlari orasidagi yetakchi ekspertlar bilan Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ekspert-tahliliy va ta’lim salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan bir qator masalalarni muhokama qilib oldi.