O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Fuqarolik protsessual huquqining dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbir respublikamizda yuridik fanni rivojlantirish hamda xalqaro maydonda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlari mazmun-mohiyati, uning ijobiy jihatlarini keng targ‘ib qilish, uni yanada rivojlantirish uchun ilmiy jamoatchilik vakillari o‘rtasida muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan.
Konfrensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Konstitutsiyaviy cudi, Oliy cudi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, Vazirlar Mahkamasi, Fanlar akademiyasi, shuningdek Qozog‘iston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi, Rossiya Federatsiyasi prokuraturasi, M.O.Auyezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining vakillari, mamlakatimizning yuridik ta’lim sohasidagi oliy o‘quv yurtlari yetuk olimlari hamda yosh olimlar ishtirok etdi.
Tadbirda fuqarolik protsessual huquqining istiqbollari, fuqarolik sudlov faoliyatida protsessual hujjatlar tahlili, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning yangi tartib-taomillari, odil sud ishlarini yuritish prinsiplarining ahamiyati, tashqi iqtisodiy faoliyatda nizolarni hal qilish, protsessual huquqiy doktrinada nizolarni onlayn hal qilish, fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va ularning protsessual huquqiy maqomi, sud ishlarini yarashuv tartib-taomillari asosida hal etish, sud qarorlarini ijrosi bilan bog‘liq hozirgi kundagi nazariya va amaliyotdagi mavjud huquqiy bo‘shliqlar, bu sohada erishilayotgan yutuqlar hamda qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga oid masalalar muhokama etildi.
Konferensiyada mamlakatimizda fuqarolik protsessual huquqi fanini shakllantirish va rivojlantirishga hissa qo‘shgan huquqshunos olimlar hamda ushbu fan sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelayotgan yosh olimlar va amaliyotchilarning ilmiy ijodiy faoliyati yoritilgan “O‘zbekiston fuqarolik protsessual huquqining darg‘alari va istiqbollari” nomli kitobning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan kelgusida fuqarolik protsessual huquqini, ayniqsa, mazkur huquq tarmog‘ining yangi institutlarini rivojlantirishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish, ilmiy-amaliy tajriba almashish, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish hamda tadbirda muhokama etilgan masalalarni to‘plam shaklda nashr etishga kelishib olindi.