Korrupsiya va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar

Korrupsiya va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga qarshi siyosat. Biznesda korrupsiyaga qarshi qonunchilik hujjatlariga rioya qilishni rag‘batlantirish” mavzusida seminarda tashkil etildi.

Tadbirda korrupsiya va xufiyona iqtisodiyot muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib borishda boy tajribaga ega va dunyoda taniqli bo‘lgan Buyuk Britaniyaning London universiteti professori Mushtak Xan (Mushtaq Khan) va doktor Pallavi Roy (Pallavi Roy) o‘zlarining loyihalari va izlanish natijalari bilan bo‘lishishdi.

Xususan, ekspertlar mamlakatlar tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari doimo ko‘zlangan maqsad va natijalarga olib kelmasligini, korrupsiyaga qarshi dasturlarni ishlab chiqishda birgalikdagi an’anaviy va noan’anaviy yondashuvlarni, shu jumladan gorizontal aloqalar, ijtimoiy qoidalarni inobatga olish zarurligini ma’lum qilishdi.

Seminarning yana bir muhim jihati, unda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarini yanada samarali amalga oshirish bo‘yicha tashkil etilgan Mintaqaviy platforma ishtirokchilari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning aksilkorrupsiya va prokuratura organlari vakillari) ham qatnashib, korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish, biznesda korrupsiyani kamaytirishning samarali usullarini qo‘llashdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishdi.

Seminarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tabdir mavzusi doirasidagi tadqiqotchilar qatnashdi.

Seminar davomida ekspertlar ishtirok etuvchilarning qiziqtirgan savollariga batafsil javob berishdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning farmoni bilan Bosh prokuratura va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida yuklatilgan yangi vazifalardan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishdagi yondashuvlar va ijobiy tajribalar, biznes vakillarining korrupsiya uchun javobgarligi va shu kabi boshqa masalalar yuzasidan ekspertlarning fikrlari olindi.

Shuningdek, Akademiya tomonidan London universiteti professorlarini O‘zbekistonda xufiyona iqtisodiyotni kamaytirish faoliyatiga ekspertlar sifatida jalb etish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi.