Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan ta'lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish, normativ-huquqiy, uslubiy va tahliliy xarakterdagi axborotlar bilan almashish kabi sohalarda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo'yicha qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, Akademiya Yaponiyaning o'quv-uslubiy va tadqiqot muassasalari bilan faol hamkorlikni amalga oshirmoqda.
Mazkur hamkorlik doirasida joriy yilning 15 sentyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Oita (Yaponiya) Texnologiya milliy kolleji va Vaseda universiteti professori Rikiya Kuboyamaning “Huquqiy sotsiologiya nuqtai nazaridan jinoyatchilikni oldini olish” mavzusidagi ma'ruzasi tashkil etildi.
Tadbirda Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o'qituvchilar tarkibi va tinglovchilari, Adliya vazirligi huzuridagi yuristlar malakasini oshirish markazi, Davlat xavfsizligi xizmati instituti, Ichki ishlar Akademiyasi hamda Toshkent Davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etdilar.
Rikiya Kuboyama o'z ma'ruzasida aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongi jinoyatchilikning oldini olishda muhim rol o'ynashini ta'kidlab o'tdi. Professor ma'ruza davomida Yaponiya amaliyotida qo'llanilayotgan, aholining huquqiy madaniyati va xabardorlik darajasini oshirishning turli xil uslublari va yo'llari haqida so'zladi. Shuningdek, mazkur sohada mavjud huquqiy normalar va an'analarga nisbatan aholining munosabatlarini o'rganish muhimligi qayd etildi. Professor tomonidan jinoyatchilikning oldini olishda huquqiy sotsiologiyaning rolini o'rganish borasida o'tkazilgan tadqiqot natijalari namoyish qilindi. Shu bilan birga, Rikiya Kuboyama huquqiy ta'limning muhimligini ta'kidlab, aholi huquqiy ongi darajasi yuridik kadrlarning kasbiy mahoratiga bevosita bog'liqligini aytib o'tdi.
Tadbir ishtirokchilari professor Rikiya Kuboyamaning tadqiqot ishiga o'z qiziqishlarini bildirdilar va mazkur masalaning dolzarbligi atroflicha muhokama qilindi. Muhokama davomida ishtirokchilar jinoyatchilikning oldini olishda institutlarning, xususan mahalla va maktablarning roli muhimligini alohida ta'kidlashdi.