Vena shahrida (Avstriya) BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi shtab-kvartirasida Eron davlati raisligida G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo noformal tarmog‘iga (ARIN-WCA) a’zo davlatlarning Umumiy yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi – ARIN-WCA tarmog‘ining doimiy Kotibiyati vazifasini amalga oshirishi doirasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.
Yig‘ilishni o‘tkazishdan asosiy maqsad – 2023 yilda mazkur tarmoq doirasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, shuningdek jinoiy aktivlarni qaytarish borasida idoralararo xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish hisoblanadi.
Umumiy yillik yig‘ilishda 10 ga yaqin davlatdan 30 dan ortiq vakil, xususan, Belgiya, Britaniya, Ozarbayjon, Niderlandiya, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Eron davlatlarining prokuratura, ichki ishlar, tashqi ishlar, adliya, moliyaviy razvedka, korrupsiyaga qarshi kurashish va tergov idoralarining mas’ul xodimlari, shuningdek CARIN (Yevropol) va GlobE tarmoqlari kotibiyatlari vakillari hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Jahon banki (StAR) ekspertlari ishtirok etishdi.
Tadbirda ARIN-WCA tarmog‘iga a’zo davlatlarning jinoiy aktivlarni qaytarish sohasida amalga oshirgan ishlari, tarmoqni samarali boshqarish va uning doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalari, amaliyotdagi mavjud muammolarning muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan shuningdek aktivlarni qaytarish sohasidagi ijobiy tajriba va amaliyotlari yuzasidan taqdimotlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari yig‘ilish doirasida ARIN-WCA tarmog‘iga a’zo davlatlar vakillari uchun “Jinoiy aktivlarni qaytarish – tergov harakatlari hamda aktivlarni qaytarish ofislar faoliyati” mavzusida seminar-trening tashkil qilinib, unda CARIN tarmog‘i (Yevropol), BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Belgiya, Britaniya, Niderlandiya ekspertlari aktivlarni qaytarish ofislari tomonidan aktivlarni qaytarish samarali mexanizmlari va vositalari to‘g‘risida taqdimotlarini qilishib, mazkur sohada o‘z tajriba va amaliyotlari bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbirlar ishchan va informativ tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilar aktivlarni qaytarish sohasida faol hamkorlik qilishga hamda ARIN-WCA tarmog‘ini kelgusida yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.