Oʼzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Yuridik fan va huquqni qoʼllash amaliyotining dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konfrentsiya tashkil etildi.
Konfrentsiyada Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sudьyalar oliy kengashi huzuridagi Sudьyalar oliy maktabi, Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti professor-oʼqituvchilari, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Konfrentsiya har yili anʼanaviy shaklda Аkademiya tomonidan oʼtkazib kelinadi va unda mamlakatimizda yuridik fan sohasining yetuk olimlari muntazam ravishda ishtirok etadilar.
Tadbirning asosiy maqsadi yurtimizda yuridik fanni rivojlantirish, fan bilan amaliyot uygʼunligini taʼminlash, bu boradagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan hal qilish istiqbollari hamda asosiy yoʼnalishlarini belgilash borasida oʼzaro fikr almashishdan iboratdir.
Konfrentsiya doirasida yuridik fan yoʼnalishida: Oʼzbekiston Respublikasida yuridik fan va huquqni qoʼllash amaliyotini takomillashtirish, huquqshunoslikka oid ilmiy ishlarni rivojlantirishning dolzarb muammolari, ilmiy faoliyatda byurokratiya va korruptsiyani oldini olish istiqbollari; davlat boshqaruv yoʼnalishida: davlat xizmatchilari faoliyatini baholashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, bunda prokuratura organlarining oʼrni va ahamiyatini tahlil qilish, sud amaliyotida qonunchilik hujjatlarini qoʼllash jarayonidagi muammolar; jinoyat huquqi va jinoyat protsessi yoʼnalishida: jinoyat huquqi sohasidagi ilmiy-nazariy bilimlarni amalda qoʼllashning dolzarb muammolari, jinoyat protsessida shaxsni reabilitatsiya etish sohasidagi xalqaro standartlar, tergovchining protsessual mustaqilligini taʼminlash istiqbollari kabi boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi.
Tadbir ishtirokchilari konfrentsiya doirasida yuridik fan sohasidagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yoʼllari, islohotlar zamirida ilm-fan sohasiga eʼtiborni kuchaytirish, ilmiy faoliyatda mavjud sunʼiy toʼsiqlarni bartaraf etish, yuridik taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʼshma tadqiqotlarni amalga oshirish kabi masalalariga alohida toʼxtalib, nazariya va amaliyotni uygʼunlashtirish, qonundagi boʼshliqlarni bartaraf etish yuzasidan muhim takliflar ilgari surildi.
Konfrentsiya yakunlari boʼyicha ilmiy maqolalar toʼplami nashr etilishi rejalashtirilgan.