Kiberjinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha xalqaro treningda ishtirok etildi

Kiberjinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha xalqaro treningda ishtirok etildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari xalqaro ekspert va trenerlar sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha (UNODC) boshqarmasining Olmatidagi loyihalar ofisi va Markaziy Osiyo mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi axborot markazi hamkolrligida tashkil etilgan “Kiberjinoyatlarni tergov qilish: ilg‘or tajriba, muammolar va mintaqalararo hamkorlik” mavzusidagi treningda ishtirok etdilar.

Trening ishida shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Gruziya Respublikasi Bosh prokuraturasi, shuningdek, UNODC kiberjinoyatchilik bo‘yicha Qatarlik eksperti ishtirok etishdi.

Trening ishtirokchilari kiberxavfsizlik va raqamli dalillar bilan bog‘liq asosiy tushunchalar bilan tanishdilar. Ular jinoyat sodir etilgan joyda, Internetda va onlayn tarzda raqamli dalillarning manbalarini qanday aniqlash va olib qo‘yish kerakligini o‘rganishdi.

Tadbir dasturi shuningdek kiberxavfsizlik sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, jumladan, darknetda sodir etiladigan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilishning o‘ziga xos jihatlari, elektron dalillar va ularning qabul qilinishi, kripto-aktivlar mohiyati, izlash va kripto-hamyonni tiklash masalalari, Open Source Intelligence (OSINT) va uning kiberjinoyatlarni tergov qilishdagi roli kabi masalalarni qamrab olgan.

Kiberjinoyatlarni tergov qilishda huquqni muhofaza qilish organlari, huquq-tartibot idoralari va markaziy organlar o‘rtasida kiberjinoyatchilik tahdidlariga qarshi samarali kurashish uchun xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish va hamkorlik qilish zaruratiga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga nomlarni tanish (NER), tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) va kompyuter ko‘rishini huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qo‘llash, shuningdek sun’iy intellekt, OSINT va SOCMINT vositalari yordamida gumon qilinuvchilarni aniqlash, OSINT (Open Source Intelligence – ochiq manbalarga asoslangan tekshiruv) vositalari bilan ishlash, milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda hamkorlik qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lish imkonini berdi.

“Darknet”da ma’lumotlarini qidirish va tadqiq qilish mavzusi tinglovchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Treningdan so‘ng olingan bilimlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Qatnashchilar shunga o‘xshash tadbirlarni muntazam ravishda va kengroq shaklda o‘tkazib turishni taklif qilishdi.