EXHT loyihasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha yakuniy tadbirda ishtirok etildi

EXHT loyihasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha yakuniy tadbirda ishtirok etildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan YEXHT ning "Markaziy Osiyoda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish salohiyatini rivojlantirish (2020–2024)" mintaqaviy loyihasining yakuniy tadbirida ishtirok etdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar loyihaning birinchi bosqichi natijalarini muhokama qildilar, kibertahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha jahon tendensiyalari va eng yaxshi amaliyotlarni ko‘rib chiqdilar. Mintaqadagi ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlarining salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko o‘z ma’ruzasida loyihaning O‘zbekistondagi yuqori natijalarini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlarining 150 nafardan ortiq xodimi muntazam ravishda o‘qitildi, bu esa kiberjinoyatlarni tergov qilish sohasida ularning ish samaradorligini oshirishga yordam berdi. Bundan tashqari, loyiha doirasida ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlarida, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida to‘liq jihozlangan kompyuter sinflari va laboratoriyalari tashkil etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi shuningdek, Budapeshtdagi CEPOL Yevropa politsiya kollejida brifingda ishtirok etib, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or o‘qitish uslublari bilan tanishdi.

YEXHT Kotibiyatidagi yakuniy uchrashuvlar davomida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi ta’lim strategiyalarini ishlab chiqish va zamonaviy huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan kompetensiyalar masalalari muhokama qilindi.

Loyihaning Markaziy Osiyo mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlarining salohiyatini rivojlantirishga ijobiy ta’sirini hisobga olgan holda, uni yana ikki yilga uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ikkinchi bosqich ta’lim muassasalari salohiyatini yanada oshirish, elektron dalillarni aniqlash va tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va kibertahdidlar haqida xabardorlikni oshirishga qaratiladi.

Mazkur tashrif va uning doirasidagi tadbirlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ilg‘or tajriba va bilimlar almashinuviga hissa qo‘shdi, shuningdek, mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarining ushbu sohadagi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni belgilab olishga imkon berdi.