Kiberjinoyatlarni tergov qilish salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha trening

Kiberjinoyatlarni tergov qilish salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha trening

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi bilan hamkorlikda AQSH dasturi ko‘magida “Ochiq manbalardan axborot to‘plash usullari (OSINT)” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari uchun trening tashkil etildi.

Trening ochilish marosimida Buyuk Britaniyaning Osiyo mintaqasida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha katta diplomati Kris Felton hamda Mudofaa vazirligining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Din Makmaster ishtirok etdi.

To‘rt kun davom etgan trening mashg‘ulotlari Akademiya kiberlaboratoriyasida Axborot barqarorligi markazi (Center for Resilience) nodavlat notijorat tashkiloti ekspertlari Bendjamin den Braber hamda Rikkardo Valle tomonidan olib borildi.

Trening ishtirokchilari ochiq manbalardan va ijtimoiy tarmoqlardan ish uchun ahamiyatga ega raqamli ma’lumotlar (rasm, tasvir va ularning o‘ziga xos belgilari)ni qidirishda e’tibor beriladigan jihatlar hamda metodlar, xronolokatsiya, geofazoviy qidirish sodir etilgan jinoyatga aloqador shaxslarni izlash haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

Trening davomida ishtirokchilar jinoyatga aloqador rasmlardagi xos belgilar orqali qayerda sodir etilganini ochiq manbalarga tayangan holda aniqlash va mazkur qidiruv jarayoniga kerak bo‘ladigan OSINT vositalardan (Google Map, Yandex Map, Google Earth Pro) to‘g‘ri samarali foydalanishni o‘rgandilar.

Shuningdek, tadbir davomida raqamli ma’lumotlar yoki fayllarning yaxlitligini tekshirish, metama’lumotlar orqali obyektni yaratish, tarqatish va o‘zgartirish holatlarini hamda u bilan bog‘liq geoma’lumotlarni aniqlash; “Google Earth Pro” dasturiy ta’minoti orqali obyektning joylashishini, faoliyatini yoki jism yaratilgan joyni aniqlash va baholash hamda sur’atdagi noyob geografik obyektlarni xaritadagi haqiqiy joylashuvi bilan taqqoslash; ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni tahlil qilish, undagi jinoyatga aloqador shaxslar va ular bilan aloqa o‘rnatgan shaxslarni aniqlash orqali guruhlar va tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni o‘rganish masalalari atroflicha o‘rganildi.

Trening yakunida olingan bilimlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi, shuningdek, ishtirokchilar tomonidan bunday tadbirlarni yanada kengaytirilgan shaklda muntazam o‘tkazib turish maqsadga muvofiqligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Trening ishtirokchilariga sertifikatlar taqdim etildi.