Oʼzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Milliy gvardiya, Bojxona qoʼmitasi surishtiruvchilari uchun “Tergov harakatlarini oʼtkazishda raqamli kriminalistikaning zamonaviy usullaridan foydalanish” mavzusida trening mashgʼulotlari tashkil etildi.
Uch kunlik trening dasturi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergovchilarining raqamli kriminalistika asosiy tushuncha va yoʼnalishlari, raqamli dalillarning qayd etishning kriminalistik usullari, raqamli axborot tashuvchi qurilmalarning nusxasini yaratish va xeshlash, tarmoq kriminalistikasi, mobil qurilmalar kriminalistikasi (Mobile Forensic) kabi yoʼnalishlarda bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan.
Tergov uchun ahamiyatli maʼlumotlarni ochiq manbalar orqali aniqlash va toʼplash (OSINT), protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish toʼgʼrisida soʼrov yuborish, Internet ijtimoiy tarmoqlaridagi (Facebook, WhatsApp, Instagram, Telegram) maʼlumotlarni tiklash va olish masalalarida atroflicha koʼrib chiqildi.
Malakali ekspertlar tomonidan shuningdek “Ekspet plyus” dasturiy taʼminoti yordamida mobil qurilmalarni xotirasida boʼlgan raqamli maʼlumotlarni koʼzdan kechirish, tiklash va tahlil qilish amaliyoti, blokcheyn va kripto-aktivlar turlari, ularning xususiyatlari hamda kripto-aktivlar mayningi, bulutli xotirada saqlanayotgan maʼlumotlarni aniqlash va olish, Internet tarmogʼining yashirin segmenti (Darknet)ni oʼrganish boʼyicha nazariy va amaliy mashgʼulotlar olib borildi.
Tadbir davomida tinglovchilar ochiq manbalardan ish uchun ahamiyatga ega raqamli maʼlumotlar (rasm, video va boshqalar)ni qidirishda eʼtibor beriladigan jihatlar hamda metodlar, xronolokatsiya, geofazoviy qidirish vositalari (Google Map, Yandex Map, Google Earth Pro) haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirildi.
Shuningdek, raqamli maʼlumotlar yoki fayllarning yaxlitligini tekshirish, metamaʼlumotlar orqali obʼektni yaratish, tarqatish va oʼzgartirish holatlarini hamda u bilan bogʼliq geomaʼlumotlarni aniqlash boʼyicha tushuntirishlar berildi.
Аmaliy mashgʼulotlar doirasida tergovchilar mobil qurilmalardan maʼlumotlarni ajratib olish, tekshirish va tiklash uchun maxsus dasturlardan foydalanish boʼyicha koʼnikmalarni rivojlantirdilar.
Mashgʼulot davomida tinlovchilar kripto-aktivlar va kripto-hamyonlarning xususiyatlari va kripto-aktivlarni xatlash kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, maʼlumotlarning taqsimlangan reestri (blokcheyn) tahlili, maxsus qidiruv tizimlari yordamida kripto-aktivlar oqimini kuzatishda alohida etibor beriladigan holatlar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida olingan bilimlardan foydalanish boʼyicha tavsiyalar berildi hamda ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlanishdi.