2024/2025 o‘quv yilining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

2024/2025 o‘quv yilining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

 

2024 yil 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida yangi 2024/2025 o‘quv yilining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Akademiyada yangi o‘quv yilining boshlanishi tanishuv haftaligi bilan nishonlanib, unda Akademiyaning “Yurisprudensiya” (prokurorlik faoliyati) va “Yurisprudensiya” (tergov faoliyati) ixtisosliklari bo‘yicha 1-kurs bakalavriat bosqichi talabalari hamda magistraturaning “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklari bo‘yicha tinglovchilari Akademiyada o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi bilan atroflicha tanishishlari mumkin.

Tadbirda Bosh prokuratura, IIV, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati, Akademiya talaba va tinglovchilari, ularning ota-onalari, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i v.v.b, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi S.I.Samadov kirish so‘zi bilan ochib, talabalarni o‘qishga muvaffaqiyatli kirganliklari bilan tabrikladi va ularga o‘qishlarida, kelgusidagi faoliyatida katta muvaffaqiyat va zafarlar tiladi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi prokuratura hamda surishtiruv va tergov faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashga mas’ul yagona ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Talabalar va ularning ota-onalari ham tadbirda so‘zga chiqib, o‘z hayajon va taassurotlarini, o‘zlari tanlagan kasbiga bo‘lgan intilishlari, kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirish tajribalari, hamda kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir ishtirokchilari Akademiyada o‘qishni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari, Akademiya kafedra, markazlari va bo‘limlarining o‘ziga xos xususiyatlari va yo‘nalishlari, yaratilgan va izchil ravishda kengaytirilayotgan zamonaviy ta’lim infratuzilmasi, ta’lim, fan va amaliyot o‘rtasidagi o‘zaro uzviy aloqani ta’minlash borasida yaratilgan noyob imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, tadbir dasturidan mustaqillik darslari, talabalarni kredit-modul tizimi va uni o‘quv jarayoniga tatbiq etish tartibi, ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalari va boshqa zarur ma’lumotlar bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan turli tadbirlar o‘rin olgan.

Hafta davomida talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston prokuraturasi muzeyiga tashrif buyurish, shuningdek, Akademiyaning xalqaro akademik mobillik sohasidagi imkoniyatlari bilan tanishish, Akademiya oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil olish, ilmiy loyihalarda ishtirok etish va h.k. imkoniyatlari bilan tanishtirish tadbirlari amalga oshiriladi.