O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Kiberhuquq: muammolar va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–257-son Farmoni hamda 2024 yil 21 iyundagi “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–229-son Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Bugungi kunda hayotimizning deyarli barcha jabhalariga raqamli texnologiyalar kirib kelib, ular nafaqat odamlar o‘rtasidagi muloqot shakllarini, balki iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi kabi sohalarni ham tubdan o‘zgartirmoqda. Mazkur texnologiyalar ijtimoiy muloqotni osonlashtirishga, yashash sharoitlarini qulaylashtirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli dunyo kiberxavfsizlik, axborotning maxfiyligi, shaxsiy ma’lumotlarning himoyasi, kiberjinoyatchilik va so‘z erkinligi kabi dolzarb masalalarni ham o‘rtaga tashladi. Aynan mana shu muammolar kiberhuquq sohasining rivojlanishini tezlashtirish zaruriyatini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, kiberhuquq – bu zamonaviy davrning yangi huquqiy yo‘nalishi bo‘lib, raqamli maydondagi huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq. Konferensiya kiberhuquq sohasidagi muhim amaliy va nazariy muammolar hamda uning yechimlarini muhokama qilishga qaratilgan.
Konferensiyada Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, mustaqil izlanuvchilari va tayanch doktorantlari, magistratura va bakalavriat bosqichi talabalari Hindiston Milliy sud ekspertizasi universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, DXX akademiyasi, IIV akademiyasi, TDYUU, TATU, INHA universiteti, Turin Politexnika Universiteti, IIV “Kiberxavfsizlik markazi”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq tarixi instituti, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda kiberhuquq sohasidagi mavjud muammolarni chuqur o‘rganish, ularga samarali yechimlar taklif qilish va kelgusida rivojlantirish istiqbollarini belgilash bo‘yicha fikr almashildi.
Jumladan, raqamli dunyo kiberxavfsizlik, axborotning maxfiyligi, shaxsiy ma’lumotlarning himoyasi, so‘z erkinligini ta’minlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish kabi dolzarb masalalar kiberhuquq sohasining tez suratlarda rivojlanishni taqozo etayotganligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi masalalarning yana bir muhim jihati – raqamli makondagi huquqlarni himoya qilish masalasi global miqyosda ko‘tarilayotgan muammolar bilan bog‘liq ekanligidadir.
Har bir mamlakatning o‘z huquqiy tizimi va axborot xavfsizligini ta’minlash borasida o‘ziga xos yondashuvi bor. Shu sababli, bugungi kunda kiberhuquqni xalqaro darajada rivojlantirish, davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, umumiy me’yorlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish zarurdir.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan shuningdek raqamli infratuzilma va huquqiy muhitni birgalikda mustahkamlash, innovatsiyalarni huquqiy tartibga solish va yangi texnologiyalar asosida paydo bo‘layotgan tahdidlarni oldini olish borasida hamkorlikning ahamiyati, kiberjinoyatchilik tobora kuchayib borayotgan sharoitda, axborot almashinuvi, jinoyatlarga qarshi kurashishda samarali huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida konferensiya ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.